Jahon | 08:57 / 19.12.2023
4382
3 daqiqa o‘qiladi

Yuk tashish kompaniyalari Yamandan o‘qqa tutish holatlari tufayli yo‘nalishini o‘zgartirmoqda

Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanganidan beri Yamanda Eronga aloqador husiychi jangchilar Qizil dengizdagi kemalarga bir necha bor hujum qilgan. Yirik yuk tashish kompaniyalari yuk tashish yo‘nalishlarini o‘zgartirmoqda.

Foto: REUTERS/Yves Herman

Qizil dengiz va Adan ko‘rfazi o‘rtasidagi Bob al-Mandeb bo‘g‘ozida bir necha haftadan beri Yaman husiychilari tomonidan o‘qqa tutilgan yana bir kemaga hujum qilingani aytilmoqda. Voqea haqida 18 dekabr, dushanba kuni Britaniya dengiz xavfsizligi agentligi (UKMTO) xabar berdi. AFP ma’lumotlariga ko‘ra, portlash kemadan taxminan ikki dengiz milyasi uzoqlikda sodir bo‘lgan.

Xabar qilinishicha, hodisa AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning AQSh harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti joylashgan Bahraynga tashrifi chog‘ida sodir bo‘lgan. Pentagon bayonotiga ko‘ra, Ostin «dengizdagi tajovuzga javoban ko‘p tomonlama koalitsiyalar»ni tashkil etish masalasini muhokama qilmoqchi, u «yuk tashish va jahon iqtisodiyoti»ga tahdid solmoqda. Oxirgi kunlarda Britaniya va AQSh harbiy kemalari Yamanda husiychilar nazorati ostidagi hududdan uchirilgan bir nechta jangovar dronlarni urib tushirgandi. 

Yirik yuk tashish kompaniyalari Suvaysh kanalidan foydalanishni to‘xtatdi 

Isroil va Falastinning HAMAS tashkiloti o‘rtasida urush boshlanganidan beri Yamanda Eron bilan bog‘liq husiychi jangchilar Isroilga bir necha bor uchuvchisiz uchoqlar va raketalarni uchirdi hamda xalqaro savdo uchun muhim yo‘l hisoblanuvchi Qizil dengiz hududidagi kemalarga hujum qildi. Har yili minglab kemalar Arabiston yarimorolining janubi-g‘arbiy yo‘nalishida joylashgan Yaman va Afrika o‘rtasidagi Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi orqali o‘tadi. 

So‘nggi kunlarda to‘rtta yirik konteyner tashuvchi kompaniya, shu jumladan soha yetakchisi MSC endi o‘z kemalari bo‘g‘oz orqali suzib o‘tmasligini e’lon qildi. Yevropadan Osiyoga eng yaqin yo‘l bo‘lgan, global yuk tashishning taxminan 15 foizi o‘tadigan Suvaysh kanalidan foydalanish o‘rniga, ular Afrikani Yaxshi Niyat burunidan aylanib o‘tishga majbur bo‘lyapti, bu esa qo‘shimcha xarajatlar va kechikishlarga olib keladi. 

Reuters xabariga ko‘ra, BP neft kompaniyasi ham Qizil dengiz orqali barcha tashishlarini vaqtincha to‘xtatgan. Bu esa hozirgacha asosan sanoat yuklarini tashishga ta’sir qilgan inqirozning energetika sohasiga ham tarqalishi xavfini oshirmoqda. Ushbu xavotirlar fonida hafta boshida neft narxi ko‘tarila boshladi. 

Mavzuga oid