AQShning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarolari AQShdan chiqarib yuborilganiga izoh berdi
AQSh-Meksika chegarasi orqali Amerikaga noqonuniy migratsiya xavfli va qimmat ekani haqida yana bir bor ogohlantirish berildi.
AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 119 nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarilgani haqida xabar berilgan edi. AQShning Toshkentdagi elchixonasi bu haqda qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 20 dekabr, chorshanba kuni AQSh mamlakatga noqonuniy kirgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatdan olib chiqishda yordam berdi.
«AQSh-Meksika chegarasi orqali Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy migratsiya xavfli va qimmatdir. Biz bunday harakatlarni keskin qoralaymiz va o‘zbekistonliklarni odamlarga tovar sifatida qaraydigan jinoiy kontrabandachilarning yolg‘onlari qurboni bo‘lib qolmasliklaridan ogohlantiramiz. AQSh chegaralari noqonuniy migratsiya uchun ochiq emas. Biz O‘zbekiston fuqarolarini Qo‘shma Shtatlarga safar qilishda xavfsiz va qonuniy yo‘ldan foydalanishga undaymiz», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, AQSh malakatda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolarini ushbu davlatdan chiqarib yuborish uchun O‘zbekiston hukumati bilan yaqindan ish olib bormoqda. O‘zbekistonning AQShdan chiqarib yuborilishi shart bo‘lgan fuqarolarining o‘z mamlakatiga qaytishini osonlashtirish bo‘yicha yo‘lga qo‘ygan hamkorligi uning xalqaro majburiyatlarga sodiqligini ko‘rsatadi.
Bayden-Harris ma’muriyati muhojirlarning AQShga qonuniy kirishi uchun xavfsiz va tartibli yo‘llarni kengaytirish uchun muhim qadamlar qo‘ydi. Xavfsiz va qonuniy yo‘llardan foydalanish, jumladan grin karta dasturi orqali borish, odamlarga AQSh immigratsiya qonunlariga rioya qilgan holda Qo‘shma Shtatlarda yashash va ishlash imkoniyatlarini taklif etadi.
AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan shaxslarga kamida besh yil davomida qonuniy ravishda qayta kirish taqiqlanadi. Noqonuniy migratsiyaga yordam beruvchi oila a’zolari va boshqa kishilar ham doimiy ravishda AQSh vizasi olish huquqiga ega emas deb topilishi mumkin.
«AQSh xavfsiz, tartibli va insonparvar migratsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida chet ellik hamkorlar bilan faoliyat olib borar ekan, Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan barcha noqonuniy kiruvchilar va fuqaroligi bo‘lmaganlarni immigratsiya qonunchiligi (Title 8) vakolati ostida tezda mamlakatdan chiqarib yuboradi», — deyiladi elchixona xabarida.
Mavzuga oid
15:44
AQShda jarroh robot videoga qarab operatsiya qilishni o‘rgandi
14:22
AQSh: KXDR askarlari allaqachon Ukrainaga qarshi urushda qatnashmoqda
00:30
«Deportatsiya, chegara devori, bekor qilinadigan gumanitar yordamlar». Tramp prezidentligining ilk kunida nimalar qilishi ma’lum bo‘ldi
22:03 / 12.11.2024