O‘zbekiston | 14:51 / 26.12.2023
8880
3 daqiqa o‘qiladi

Rasul Kusherbayev ekologiya nazorat organini hukumat tarkibidan chiqarishni taklif qildi

Ekologiya vazirligi hukumatga bo‘ysunadi. Hukumat bir vaqtning o‘zida qurilishlar qilishi va parallel tarzda daraxtlarni ham saqlab qolishi kerak. Bu esa manfaatlar to‘qnashuviga, qonunlarning yaxshi ishlamasligiga sabab bo‘lyapti, dedi Ekologiya vaziri maslahatchisi.

“Ular” podkastining suv va ekologiyaga bag‘ishlangan sonida qatnashgan Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ekologiya bo‘yicha nazorat organining bo‘ysunuvini o‘zgartirish kerakligi haqida to‘xtaldi.

“Ekologiyani nazorat qiluvchi va tartibga soluvchi bosh islohotchi deganda biz hukumat va mansabdor shaxslarni nazarda tutamiz. Siyosiy islohotlarni birinchi shu yerdan boshlash kerak. Sababi hozir ishlayotgan joyimda aniq ko‘rdimki, ekologiya sohasidagi nazorat organini hukumat tarkibiga kiritib bo‘lmas ekan.

Chunki hukumatda birinchi navbatda biznesni rivojlantirish manfaatlari tursa va unga parallel ekologiya masalasi ham bo‘lsa, u ekologiyadan ko‘z yumishga harakat qilaverar ekan. Faqat O‘zbekistonda emas, butun dunyoda shunaqa.

Eng qizig‘i, Ekologiya vazirligi hukumatdagi qurilish yo‘nalishi bo‘yicha kompleksga bo‘ysunadi. Bir vaqtning o‘zida hukumat joylar qurishi va o‘sha vaqtning o‘zida daraxtlarni ham saqlab qolishi kerak”, dedi Rasul Kusherbayev podkastda.

Vazir maslahatchisiga ko‘ra, ekologiya sohasidagi nazorat organini hukumat tarkibidan ajratish kerak. Bu tashkilot yo predizentga, yo parlamentga bo‘ysunadigan bo‘lishi lozim.

“Bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi ketyapti. Masalan, katta yo‘l qilamiz, deyishsa, biz [Ekologiya vazirligi] bunga rozi bo‘lolmaymiz, deb bir kun, ikki kun qarshi turishimiz mumkin, lekin hukumat talab qilib, “Sen kimsan, menga bo‘ysunasanmi?” desa qayerga borasiz? Qonunlar ham ishlamay qolyapti.

Masalan, Angren issiqlik elektrostansiyasi qonun bo‘yicha ekologiyaga keltirgan zarari uchun kompensatsiya to‘lashi kerak. Va to‘langan kompensatsiya ekologik masalalar uchun ishlatiladi. Hukumatning yopiq qarorlari bilan kompensatsiya to‘lanmasin, bo‘lib to‘lansin, degan imtiyozlar chiqartirib olinaveradi”, dedi Kusherbayev.

Vazir maslahatchisining aytishicha, Ekologiya vazirligining joylarda faoliyat yuritadigan xodimlaridan mahalliy hokimiyatlar, huquqni muhofaza qilish organlari yugurdak sifatida foydalanishadi. Ekologiya masalasi qolib, ular butunlay boshqa masalalar bilan band bo‘lib qolishadi. Sababi hokimlarda hududlardagi xodimlarni tayinlashda taqdimnoma kiritish vakolati bor.

“Shunday bo‘lgandan keyin daraxt kesayotgan hokimiyatga qanday chora ko‘ra olinadi? Bu yerda strukturaviy islohot kerak. Ekologiya yo‘nalishidagi tashkilot xalqqa hisobdor bo‘lishi kerak. Ekologiya bo‘yicha juda ko‘p qarorlar qabul qilinyapti. Yarmidan ko‘pi ishlamayapti. Ishlatolmaysiz, iloji yo‘q”, deb vaziyatni tushuntiradi Rasul Kusherbayev. 

Mavzuga oid