Eron to‘rt isroillik diversant qatl etilganini e’lon qildi
Eronning Mizan agentligi ta’kidlashicha, qatl etilganlar Isroil maxsus xizmati - «Mossad»da ishlagan diversantlar guruhi a’zolaridir.
Eronda Isroil milliy razvedka xizmati - «Mossad» bilan aloqador to‘rt nafar diversant qatl etildi, deb xabar bermoqda Reuters 29 dekabr, juma kuni Eronning Mizan axborot agentligiga tayanib.
Eron agentligining xabarida ta’kidlanganidek, bu shaxslar «mamlakat xavfsizligiga qarshi keng ko‘lamli harakatlar sodir etgan» va ularning qatl etilishidan oldin sud jarayoni bo‘lib o‘tgan. Xabar e’lon qilingan paytda Isroil tomoni bu xabarga izoh bermadi.
Ko‘pchilik kuzatuvchilarning fikricha, Eron 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga hujum uyushtirgan HAMAS tashkilotini qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq Tehron bu voqeaga aloqadorligini rad etadi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 21 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Netanyahu G‘azodagi urushni tugatish uchun uchta shartni aytdi
25 oktyabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMASga qarshi urush uzoq davom etishini va garovga olinganlarni ozod qilish uchun Falastin tashkilotiga harbiy bosimni kuchaytirish zarurligini aytdi. Shu kuni The Wall Street Journal gazetasida chop etilgan ruknda Isroil bosh vaziri Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatishning uchta shartini aytib o‘tdi: HAMASni yo‘q qilish, G‘azo sektorini qurolsizlantirish va deradikalizatsiya qilish.