Jahon | 21:48 / 12.01.2024
9649
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo bo‘ylab yoshlar o‘rtasida saraton kasalligi ortib bormoqda 

Shifokorlar saraton kasalligining ko‘payishiga ko‘pincha yoshlarning turmush tarzi ta’sir qiladi, deb taxmin qilmoqda. 

Foto: Alamy

Olimlarning fikricha, dunyo bo‘ylab yoshlar o‘rtasida saraton kasalligi ko‘payib bormoqda. Bu haqda BMJ Oncology ilmiy jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib The Wall Street Journal yozdi. 

Tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, Qo‘shma Shtatlarda saraton kasalligiga chalinish darajasi 20 yil ichida 12,8 foizga oshgan - 2019 yilda u 50 yoshgacha bo‘lgan 100 ming kishiga 107,8 tani tashkil etgan. Vaholanki, 2000 yilda bu ko‘rsatkich har 100 ming kishiga 95,6 holatni tashkil etgan edi. BMJ Oncology ma’lumotlariga ko‘ra, 50 yoshgacha bo‘lgan saraton kasalligiga chalinganlar sonining keskin global o‘sishi birinchi navbatda Shimoliy Amerika, G‘arbiy Yevropa va Avstraliyada kuzatilmoqda. 

Shifokorlar, yoshlarda saraton kasalligining ko‘payishiga ko‘pincha odamlarning turmush tarzi - jismoniy faollikning kamayishi, qayta ishlangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish, yangi zaharli moddalar ta’siri va boshqa omillar sabab bo‘lmoqda deb taxmin qilishyapti. Biroq, ekspertlarning ta’kidlashicha, semirish va muayyan turmush tarzi tendensiyani to‘liq tushuntirib bera olmaydi. 

«Bemorlar yosharmoqda. Ehtimol, bu atrof-muhitning qandaydir o‘zgarishi, oziq-ovqat, dori-darmonlar yoki biz hali aniqlamagan narsalar ta’siri bo‘lishi mumkin», dedi doktor Andrea Cherchek. U Nyu-Yorkdagi Memorial Sloan Kettering saraton markazida oshqozon-ichak saratonini ilk bosqichlarda aniqlash dasturiga rahbarlik qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saraton endi «keksalar kasalligi» emas. 

Saraton tashxislari orasida so‘nggi yillarda kasallanishning yosh chegarasi pasayib bormoqda: masalan, 2019 yilda yo‘g‘on ichak, oshqozon osti bezi, appendiks, oshqozon va bachadon saratoni aniqlangan bemorlarning 20 foizi 55 yoshdan kichik bo‘lgan. 

Mavzuga oid