Jahon | 14:26 / 15.01.2024
3941
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR gipertovushli raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgani haqida xabar berdi

Pxenyan gipertovushli qurollarni yaratishda yangi yutuqlar to‘g‘risida e’lon qildi. KXDR rasmiylariga ko‘ra, gipertovushli manyovrli boshqariladigan kallakka ega o‘rta masofaga uchuvchi raketa muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.

Foto: KCNA/REUTERS

O‘zini yadroviy kuch deb e’lon qilgan Shimoliy Koreya gipertovushli kallakka ega o‘rta masofali raketalarni yaratish bo‘yicha yangi yutuqlari haqida e’lon qildi. «Yakshanba kuni KXDR Raketasozlik bosh boshqarmasi gipertovushli manyovrli boshqariladigan kallakka ega qattiq dvigatelli o‘rta-uzoq masofaga mo‘ljallangan ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi. Uchirish muvaffaqiyatli bo‘ldi», - deya xabar berdi Shimoliy Koreya matbuoti 15 yanvar, dushanba kuni. 

Xabarda ta’kidlanishicha, sinov parvozidan maqsad «o‘rta-uzoq masofaga mo‘ljallangan gipertovushli boshqariladigan jangovar kallakning sirpanish va manyovrli parvoz xususiyatlarini, yangi ko‘p bosqichli og‘ir yukli qattiq yonilg‘i reaktiv dvigatellarining ishonchliligini tasdiqlash» edi.

BMT rezolyutsiyalarini buzish

KXDRdagi raketa sinovlari Janubiy Koreya va Yaponiyada qayd etilgan. Shimoliy Koreya harbiylariga ko‘ra, o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketa ming kilometrga yaqin uchib, Yapon dengiziga qulagan. Janubiy Koreya sinovni qoralab, buni Pxenyanga har qanday masofadagi ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazishni taqiqlovchi BMT rezolyutsiyalarining aniq buzilishi deb atadi. Bunday raketalar yadro kallaklari bilan jihozlanishi mumkin.

Janubiy Koreyaning «Ryonxap» axborot agentligi xabarida qayd etilishicha, Pxenyan yangi raketa sinovi KXDR AQShning bir qismiga yetib borishga qodir bo‘lgan «Xvason-18» qattiq yonilg‘ida ishlovchi qit’alararo raketasini sinovdan o‘tkazgan 18 dekabrdan beri birinchi sinovdir.

Mavzuga oid