AQSh harbiylari husiychilar uchun Erondan jo‘natilgan qurol partiyasini qo‘lga oldi
AQSh harbiy-dengiz kuchlari tomonidan 11 yanvar kuni o‘tkazilgan operatsiya davomida Eronda ishlab chiqarilgan raketalarning tarkibiy qismlari qo‘lga olindi, deb xabar berdi AQSh qo‘mondonligi. Unga ko‘ra, husiychilar Qizil dengizdagi savdo kemalariga hujum qilish uchun xuddi shu qurollardan foydalangan.
AQSh harbiy-dengiz kuchlari Yamandagi Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiychilar uchun mo‘ljallangan ilg‘or qurol tizimlariga Eron komponentlarining katta partiyasini qo‘lga oldi, deb xabar berdi 16 yanvar, seshanba kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM).
CENTCOM’ning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, AQSh dengiz flotining Navy Seals maxsus operatsiyalar kuchlari jangchilari 11 yanvarga o‘tar kechasi vertolyotlar va uchuvchisiz uchoqlar yordamida Arab dengizi xalqaro suvlarida Somali qirg‘oqlari yaqinida kichik qayiqqa chiqqan. Harbiylar ballistik va qanotli raketalar uchun Eronda ishlab chiqarilgan komponentlarni, jumladan, o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketalar va kemalarga qarshi qanotli raketalar uchun harakatlantiruvchi, yo‘naltiruvchi uskunalar va kallaklarni, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlarida qo‘llanadigan komponentlarni musodara qildi.
«Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatadiki, xuddi shu qurollar husiychilar tomonidan Qizil dengiz orqali o‘tayotgan xalqaro savdo kemalarida begunoh dengizchilarga tahdid va hujum qilish uchun ishlatilgan», deb xabar berdi AQSh qo‘mondonligi. Qayd etilishicha, bu Yaman isyonchilari tomonidan 2023 yil kuzida kemalarga hujumlar boshlanganidan beri husiychilar uchun mo‘ljallangan Eronda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurollarni tortib olish bilan bog‘liq birinchi holatdir.
Qayiq AQSh harbiy-dengiz kuchlari tomonidan xavfli deb cho‘ktirilgan va uning 14 kishidan iborat ekipaji qo‘lga olindi.
Yaman atrofidagi vaziyatning keskinlashishi
Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiychilari 2023 yil noyabridan beri Qizil dengizdagi tijorat kemalariga uchuvchisiz uchoqlar va raketalar bilan muntazam ravishda hujum qilib kelmoqda. Guruh o‘z harakatlarini Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlariga norozilik deb atadi va Isroil bilan bog‘liq barcha kemalarga hujum qilishga va’da berdi. Ayni paytda, nafaqat harbiy kemalar, balki turli davlatlarning savdo kemalari ham husiychilarning nishoniga aylanmoqda.
12 yanvarga o‘tar kechasi AQSh va Britaniya Niderlandiya, Kanada, Avstraliya va Bahrayn ko‘magida Yamandagi husiychilar obektlariga yirik zarbalar berdi. Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vazirligi radar qurilmalari, omborlar, uchuvchisiz uchoqlar va raketalar uchun uchirish maydonchalari hamda husiychilar qo‘mondonlik markazlari nishonga olinganini bildirdi. Bir kun o‘tib, Yamandagi husiychilar pozitsiyalari AQShning yangi hujumi nishoniga aylandi. Pentagon aniqlik kiritishicha, husiychilar tomonidan foydalanilgan radar qurilmasiga zarba berilgan. U Tomahawk qanotli raketalari tomonidan amalga oshirilgan va «husiychilarning dengiz kemalariga hujum qilish qobiliyatini zaiflashtirishi kerak», deya ta’kidlab o‘tdi AQSh mudofaa vazirligi.
AQSh prezidenti Jo Bayden agar husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarini to‘xtatmasa, yana zarbalar berishni buyurishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Mavzuga oid
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:22 / 15.11.2024
Amerikalik harbiy xizmatchilar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ortdi
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
16:56 / 14.11.2024