Jahon | 13:34 / 17.01.2024
3808
3 daqiqa o‘qiladi

Vengriya Kiyevga yordam bo‘yicha «konstruktiv» muzokaralarga tayyor

Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati hozir Ukrainaga 50 milliard yevro ajratish masalasi ustida ishlamoqda, dedi Belgiya Moliya vazirligi rahbari. Vengriya Bryusseldagi moliyalashtirish bo‘yicha muhokamalarga qo‘shildi.

Foto: EPA

Yevropa Ittifoqi alyansning barcha a’zolari bilan birgalikda Ukrainaga 50 milliard yevrogacha bo‘lgan maxsus yordam jamg‘armasini yaratish mexanizmi ustida ishlamoqda. Bu haqda 16 yanvar, seshanba kuni YeI kengashiga raislik qilayotgan Belgiya bosh vaziri o‘rinbosari va moliya vaziri Vinsent van Petegem ma’lumot berdi.

«Belgiya raisligi 27 davlat bilan birgalikda yechim ustida ishlamoqda. Bu, albatta, bizning eng yaxshi variantimiz. Ammo imkonsiz bo‘lsa, albatta, muqobil yechim ustida ishlaymiz», - dedi Van Petegem Yevropa Ittifoqining Iqtisodiy va moliyaviy masalalar bo‘yicha kengashi majlisi oldidan. U «ukrainalik do‘stlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga yordam berish» muhimligini ta’kidladi. 

Yevropa komissiyasiga ko‘ra, Ukrainaga yordam jamg‘armasi 2024 yildan 2027 yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatga moliyaviy yordam ko‘rsatishi kerak. Biroq 2023 yil dekabrida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Kiyevga yordamga veto qo‘ydi. O‘shandan beri Bryussel bu blokadani olib tashlash yo‘lini topishga harakat qilmoqda. 

«Biz Vengriya Ukrainani moliyalashtirish bo‘yicha muhokamaga qo‘shilmasligidan xavotirda edik, biroq u bunday qilmadi va konstruktiv muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi hamda boshqa vazirlarga qaror bir ovozdan qabul qilinishi kerakligini eslatdi», dedi Yevropa Ittifoqi rasmiysi DW nashriga uchrashuvlar chog‘ida. 

Budapesht veto qo‘ysa, «B rejasi» bormi?

«Muqobil yechim muhokama qilinmayapti», - deya aniqlik kiritdi Belgiya vaziri DW tomonidan kengash yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumanida berilgan savolga javoban.

Avvalroq OAVda Vengriya Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida yordam ajratish masalasida veto huquqidan foydalansa, YeIning rejasi borligi haqida xabar bergandi. Misol uchun, har bir hukumatdan alohida yordam paketlari bo‘lishi mumkin. Ammo Yevropa Ittifoqi kengashi ham, Yevropa komissiyasi ham taklif qilingan reja bo‘yicha konsensusga erishish zarurligini ta’kidlamoqda. 

Kiyevga makromoliyaviy yordam miqdori va uni taqdim etish shakli bo‘yicha yakuniy qaror Yevropa kengashining 1 fevraldagi navbatdan tashqari yig‘ilishida qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Shu kungacha Yevroparlament, Yevrokomissiya va YeI kengashi Ukrainaga makromoliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha dastlabki muzokaralarni yakunlashi kerak, deya xabar berdi DW manbalari. Ulardan biri ushbu davr uchun Yevrokomissiya va Budapesht o‘rtasida ham muzokaralar rejalashtirilganini ta’kidladi, Vengriya ushbu bitimdan o‘zi uchun imkon qadar ko‘proq foyda olish niyatini yashirmayapti. 

Mavzuga oid