Jahon | 07:41 / 18.01.2024
17300
4 daqiqa o‘qiladi

Politico: Xitoy vakili Zelenskiy bilan Davosda uchrashishdan bosh tortdi

Ukraina prezidenti, o‘z navbatida, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri Li Tsyan bilan uchrashuv uning davlat rahbari maqomiga mos kelmasligini aytdi. 

Foto: Fabrice Coffrini/AFP

Xitoy delegatsiyasi Ukraina tomonining bunday muzokaralarni tashkil etish istagiga qaramay, Shveytsariyaga tashrifi chog‘ida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashmadi. Bu haqda Politico onlayn-nashri 17 yanvar, chorshanba kuni nomi oshkor etilmagan amerikalik manbalarga tayanib yozdi

«Pekin Kiyevning Shveytsariyaga tashrifi chog‘ida qaysidir vaqtda uchrashuv o‘tkazish haqidagi iltimosini rad etdi», — deya iqtibos keltiradi nashr amerikalik yuqori martabali mulozimdan. Anonimlik sharti bilan gaplashgan yana bir rasmiyning tushuntirishicha, Rossiya Pekinni Kiyev bilan diplomatik aloqalarni to‘xtatishga chaqirganidan keyin Xitoy Ukraina vakillari bilan har qanday uchrashuvdan bosh tortgan. 

Shu bilan birga, Ukraina rasmiylaridan biri Politico’ning izoh berish haqidagi so‘roviga javoban, XXR vakillari bilan uchrashuv Ukraina delegatsiyasining jadvalida yo‘qligini va Kiyev Pekindan bunday uchrashuvni so‘ramaganini aytdi. Xitoy delegatsiyasi so‘rovga javob bermadi. 

Zelenskiy Li bilan Shveytsariyada uchrashishi mumkinligi haqida 

Bryussel Xitoyni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani tiklashga chaqirib, uning Xitoy bosh vaziri Li Tsyan bilan Davosdagi uchrashuvi ijobiy qadam bo‘lishi mumkinligiga ishonadi, deb yozadi Politico Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysiga tayanib.

O‘z navbatida, Volodimir Zelenskiy Davosda Li bilan uchrashish niyati yo‘qligini, chunki u davlat rahbari emasligini aytdi. «Xitoyning bosh vaziri bor - bizning bosh vazirimiz u bilan uchrashadi. Men Xitoy rahbari bilan uchrashishni istardim. Bilishimcha, Si Jinping qaror qabul qiladi, Ukrainada esa men qaror qabul qilaman. Menga hech qanday muloqot kerak emas, menga bu qarorlarni qabul qiladigan yetakchilarning muhim qarorlari kerak», — deya Zelenskiyning Davosdagi yakuniy matbuot anjumanidagi bayonotidan iqtibos keltiradi Ukrainaning Strana.ua onlayn-nashri.

Davosda Ukraina bo‘yicha konferensiya 

14 yanvar kuni Davosda 83 davlat va xalqaro tashkilotlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solish bo‘yicha konferensiya boshlanishidan oldin, Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Xitoy ham tinchlik muzokaralariga qo‘shilishi va Zelenskiy Davosda Xitoy bosh vaziri Li bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligiga ishora qildi, deb eslatadi Politico. 

Pekinning bunday uchrashuvni o‘tkazishdan bosh tortishi, jurnalistlarga ko‘ra, «Xitoy Rossiyaning Ukrainadagi keng ko‘lamli urushiga chek qo‘yish niyatida emasligidan dalolatdir: «buning o‘rniga, u Rossiya tomoniga o‘tib, g‘arb bosimi va sanksiyalariga qaramay, Moskvani harbiy maqsadlarda foydalanish uchun materiallar bilan ta’minladi». 

Mavzuga oid