Jahon | 14:32 / 23.01.2024
6582
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha Smolenskdagi aviahalokat yuzasidan Rossiyaga qarshi da’vosidan voz kechdi

Polsha tashqi ishlar vazirligi IHeSga da’vo arizasi berishdan bosh tortishini prezident Lex Kachinskiy halok bo‘lgan aviahalokatni tergov qiluvchi quyi qo‘mita tugatilishi bilan izohladi.

Foto: TASS

Polsha 2010 yilda Smolenskda halokatga uchragan samolyot ishi bo‘yicha inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga (IHeS) Rossiyaga qarshi da’vo berishdan bosh tortdi. Bu haqda 22 yanvar, dushanba kuni Polsha tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

2023 yil oktyabr oyida Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau, aviahalokatni qayta tergov qilish bo‘yicha quyi qo‘mita raisi Antoniy Matserevich va advokat Ben Emmerson kelishuvni imzoladi, unda ular Rossiyaga qarshi davlatlararo shikoyat tayyorlashda hamkorlik qilishga tayyor ekanini e’lon qildi. Biroq, Polshaning o‘sha paytdagi prezidenti Lex Kachinskiy halok bo‘lgan aviahalokatni tergov qiluvchi quyi qo‘mita 2023 yil 18 dekabrdagi milliy mudofaa vazirining qarori bilan tugatilgan va shu bilan kelishuv bo‘yicha tomonlardan biri o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Tashqi ishlar vazirligining amaldagi rahbari Radoslav Sikorskiy Emmersonni kelishuv bekor qilingani va uni amalga oshirishdan bosh tortgani haqida xabardor qildi, deya xabar beradi vazirlik.

Smolensk yaqinidagi samolyot halokatida Polshaning yuqori lavozimli amaldorlari halok bo‘ldi

Bortida Polsha hukumati delegatsiyasi bo‘lgan Tu-154 samolyoti 2010 yil 10 aprel kuni Smolensk-Severniy aerodromiga qo‘nayotganda halokatga uchragan. Natijada bortdagi barcha 96 kishi, jumladan, Polsha prezidenti Lex Kachinskiy va uning rafiqasi Mariya, mamlakat oliy harbiy qo‘mondonligi vakillari, taniqli siyosatchilar, jamoat va din arboblari halok bo‘ldi. Ular Katinda sovet NKVDsi tomonidan otib tashlangan Polsha ofitserlarining xotirasiga bag‘ishlangan motam tadbirlariga ketayotgan edi.

2011 yilda davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi hisobot e’lon qildi, undan kelib chiqadiki, samolyot uchuvchilar xatosi tufayli halokatga uchragan, ular yomon ko‘rish sharoitida to‘g‘ri qaror qabul qila olmagan. Polshaning o‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri Yeji Miller boshchiligidagi komissiya o‘z tekshiruvini o‘tkazdi va xuddi shunday xulosaga keldi.

Biroq 2015 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Polsha hukumati xulosalarni ishonarsiz deb topdi. Varshava keyinroq tergovni qayta boshladi. Uning ishtirokchilari samolyot bortdagi ketma-ket portlashlar natijasida hali osmonda bo‘lganida vayron bo‘lgan degan xulosaga keldi. Moskva fojiaga aloqadorligini rad etadi.

Mavzuga oid