Jahon | 11:18 / 25.01.2024
3384
3 daqiqa o‘qiladi

Shols Zelenskiy bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi

Germaniya kansleri Berlinda yaqin orada Germaniya va Ukraina o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha kelishuv tuzilishi mumkin, dedi. 

Olaf Shols Foto: Michael Kappeler/dpa/picture alliance

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashdi, ular Germaniya va Ukraina o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha ehtimoliy hamkorlik kelishuvini muhokama qildi. Bu haqda Shols 24 yanvar, chorshanba kuni Berlinda Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

Sholsning so‘zlariga ko‘ra, hozirda yaqin kelajakda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan bunday kelishuvni tuzish uchun «intensiv tayyorgarlik» olib borilmoqda. Germaniya vazirlar mahkamasi rahbari gap aniq qaysidir sana yoki muddat haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi. Ammo «muzokaralar yakuniy bosqichga yaqin degan fikr bor», dedi Shols. 

Zelenskiy Sholsga minnatdorchilik bildirdi 

O‘z navbatida, Volodimir Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida Germaniya kansleri bilan telefon orqali suhbatda «Ukraina va Germaniya o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvni tayyorlash masalalari alohida muhokama qilinganini» aytdi. Ukraina prezidenti, shuningdek, Olaf Sholsga joriy yil uchun Ukrainaga mudofaa yordamini 8 milliard yevroga oshirganiga minnatdorchilik bildirdi. 

Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv 

Ko‘rib chiqilayotgan kelishuv Ukrainaga Rossiya bilan urush tugaganidan keyin kafolatlarni nazarda tutadi, deya aniqlik kiritdi Reuters. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Berlindagi hukumat doiralari Germaniya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv fevral oyida yakuniy tarzda rasmiylashtirilishini kutmoqda. 

Avvalroq, 12 yanvar kuni Kiyev va London xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv imzolagani ma’lum bo‘lgan edi. Britaniya Ukraina bilan yangi hujum sodir bo‘lgan taqdirda tez va doimiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi shartnoma imzolagan birinchi davlat bo‘ldi. Bitim Ukraina NATOga kirgunga qadar kuchda qoladi.

Fransiya, shuningdek, Ukrainaga xavfsizlik shartnomasini tuzishga va’da berdi, deb eslatadi AFP. Vilnyusda bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» sammitida Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha uzoq muddatli majburiyatlar va’da qilingan edi. 

Mavzuga oid