O‘zbekiston | 10:29 / 06.02.2024
10329
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda qalbaki dorilarni tayyorlab sotib kelgan feldsher ushlandi

DXXning tezkor tadbirida qalbaki dorilarni sotish uchun Andijonga olib ketayotgan feldsher qo‘lga olindi. U 1000 dona «Zodak» dori vositasini sotuvga chiqarmoqchi bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, u 2023 yil sentabridan beri shu ish bilan shug‘ullanib kelgan.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Zodak», «Anaferon», «Xilak Forte» va «Vitamin B6» nomli qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullangan feldsherni qo‘lga oldi.

Ta’kidlanishicha, Chortoq tuman Tibbiyot birlashmasining tez yordam bo‘limi feldsheri 1000 dona qalbaki «Zodak» dori vositasini Andijon viloyatiga sotish maqsadida olib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida ushlangan. Uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda dori vositalari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan yashirin sex borligi aniqlanib, 763 dona «Anaferon», 2125 dona «Zodak», 4000 dona «Vitamin B6» dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan flakonlar, qutilar, yo‘riqnoma va yorliqlar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, mazkur shaxs tayyorlangan dori vositalarini saqlash uchun qarindoshining yashash xonadonidan ombor sifatida foydalangan. Tadbir davomida ushbu manzildan sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan 120 dona «Zodak», 260 dona «Anaferon», 96 dona «Xilak Forte» hamda 313 dona nomsiz flakonlarda sirop holdagi dori vositalari topilgan.

Bildirilishicha, yashirin sexda tayyorlangan dori vositalari Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida feldsher 2023 yilning sentabr oyidan buyon ushbu noqonuniy ish bilan shug‘ullanib kelganligi ma’lum bo‘ldi. Feldsherni Andijon viloyatida yashovchi fuqarolar Qirg‘izistondan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan dori vositalari xom-ashyolari bilan ta’minlab turgan. Hozirda ularning shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi «b» va «e» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, mazkur shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Mavzuga oid