Jahon | 21:54 / 06.02.2024
8021
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp «Kapitoliy ishi»da prezidentlik daxlsizligiga ega emas - sud qarori

Sud AQSh sobiq prezidenti Donald Trampni Kapitoliyga bostirib kirish bilan bog‘liq jinoiy ishda huquqiy immunitetga ega emas deb topdi.

Foto: AP

AQSh apellyatsiya sudi Donald Tramp Kapitoliy binosiga bostirib kirish bilan bog‘liq jinoiy ishda qonuniy ta’qibdan immunitetga ega emas, deb qaror qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qayd qilinishicha, bu qaror maxsus prokuror Jyek Smit tomonidan qo‘zg‘atilgan ishda Tramp himoyasining asosiy chizig‘iga jiddiy zarba bo‘lgan. Sobiq prezident o‘z xatti-harakatlari prezident sifatidagi rasmiy vazifalarining bir qismi ekanini, shuning uchun uni jinoiy javobgarlikdan himoya qilishini aytgan edi.

«Tramp prezident bo‘lib ishlagan vaqtida uni himoya qilgan har qanday immunitet endi bu ta’qibdan himoya qila olmaydi», deyiladi sud qarorida.

Tramp advokatlari qaror ustidan Oliy sudga shikoyat qilishi yoki apellyatsiya sudining qayta ko‘rib chiqilishini so‘rashi mumkin.

Smit Trampga qarshi to‘rtta ayblov e’lon qilgan, jumladan, saylovlarda fitna uyushtirish, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarni aldash va rasmiy sud jarayoniga to‘sqinlik qilish uchun fitna uyushtirish. Trampning o‘zi ayblarni rad qilmoqda.

2021 yil 6 yanvarda prezidentlik saylovi natijalaridan norozi bo‘lgan Tramp tarafdorlari Vashingtonda Kapitoliyga bostirib kirdi. Saylovda demokrat Jozef Bayden g‘alaba qozongan edi. Namoyishlar politsiya bilan keng ko‘lamli to‘qnashuvlarga olib keldi. Huquq tartibot idoralari isyonga Donald Tramp chaqiriqlari sabab bo‘lgan deb hisobladi va uning ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi.

Mavzuga oid