O‘zbekiston | 17:11 / 16.02.2024
6144
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Bar-VIPS dori vositasining sertifikatlashtirilmagan seriyasi sotuvga chiqarilgani aniqlandi

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarni ogohlikka chaqirib, 520723 seriyali Bar-VIPS preparati aniqlanganida uni zudlik bilan sotuvdan chiqarib tashlashni so‘ramoqda.

Foto: SSV

“VIPS-MED” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan, og‘iz orqali yuborish uchun suspenziya tayyorlash kukuni shaklidagi Bar-VIPS preparatining sertifikatlashtirilmagan 520723 seriyasi sotuvda aniqlangan. Hozirda markaz laboratoriyasida mazkur dori vositasining sifati tekshirilmoqda. Bu haqda SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda Bar-VIPS dori preparatining 500820, 530820, 510820, 520820, 540820, 370622, 380622, 480722 seriyalarini tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan. Ularning sifatini tasdiqlovchi tegishli muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.

O‘zbekiston hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi (idoraviy mansubligidan, mulkchilik va boshqaruv shaklidan qat’i nazar) barcha tashkilotlarni ogohlikka chaqirib, Bar-VIPS preparatining sifatini tasdiqlovchi tegishli muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan, shu jumladan 520723 seriyasi, (yaroqlilik muddati 08.2025) aniqlanganda uni zudlik bilan sotuvdan chiqarib tashlashni so‘raymiz”, deyiladi markaz xabarida.

Shuningdek, markaz sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislaridan “VIPS-MED” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan tomonidan ishlab chiqarilgan Bar-VIPS dori vositasini tibbiy maqsadlarda qo‘llashda o‘ramda ko‘rsatilgan seriyalarga e’tibor berishni so‘ragan.

Oldinroq Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Namanganda feldsher tayyorlab sotgan «Zodak», «Anaferon», «Xilak Forte» va «Vitamin B6» nomli qalbaki dorilar Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilganidan ogohlantirgandi.  

Mavzuga oid