Jahon | 09:20 / 20.02.2024
6469
3 daqiqa o‘qiladi

Navalniyning o‘limi tufayli YI davlatlari Rossiya elchilarini chaqirtirdi

Yevropa davlatlari Aleksey Navalniyning o‘limi yuzasidan Rossiya elchilariga o‘z noroziligini bildirib, bu holatni chuqur o‘rganishni talab qilmoqda.

Foto: Vuk Valcic/ZUMA Wire/imago

Bir qator Yevropa davlatlari Aleksey Navalniyning koloniyadagi o‘limi munosabati bilan Rossiya elchilari va boshqa yuqori martabali diplomatlarini chaqirtirdi. Shu tariqa, Latviya, Litva va Estoniya tashqi ishlar vazirliklari 19 fevral, dushanba kuni Rossiya elchixonalari muvaqqat ishlar vakilini chaqirib, muxolifatchining o‘limida Kremlni aybladi.

Riga, Vilnyus va Tallin Rossiya rasmiylarini Navalniyning o‘limi holatini chuqur o‘rganishga va jasadni oilasiga topshirishga chaqirdi. 

Finlandiya va Shvetsiya ham Rossiya elchilarini chaqirtirdi. AFP Ispaniyaning xuddi shunday harakati to‘g‘risida xabar qildi. Avvalroq Rossiya elchilari Germaniya va Britaniya tashqi ishlar vazirliklariga chaqirilgani xabar qilingandi. Rossiyaning mamlakatdagi elchisi Norvegiya tomonidan ham chaqirilgan. 

Fransiya tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne Rossiyaning Parijdagi elchisi muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limi munosabati bilan o‘sha kuni, 19 fevral kechqurun Argentinaga tashrifi chog‘ida chaqirtirilganini ma’lum qildi. Fransiya diplomatiyasi rahbari Argentina tashqi ishlar vaziri Diana Mondino bilan Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida: «Bugun men Rossiya elchisini chaqirtirishni so‘radim», dedi. Shu bilan birga, Sejurne «Rejim o‘zining asl mohiyatini ko‘rsatdi», deb qo‘shimcha qildi. 

Shu bilan birga, Shveytsariya rasmiylari Keystone-SDA agentligiga rossiyalik diplomatlarni tashqi ishlar vazirligiga chaqirish niyatida emasligini aytdi. Bern Navalniyning o‘limi holatini to‘liq tekshirishni talab qilish bilan cheklandi. Shveytsariya tashqi ishlar vazirligi «Aleksey Navalniyning asossiz qo‘lga olinishi va unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘linishini bir necha bor qoralaganini» ta’kidladi. 

Mavzuga oid