Zelenskiy Ukraina yangi qarshi hujumga tayyorlanayotganini aytdi
Ukraina 2023 yil yozida qarshi hujumni boshlagan, ammo noyabr oyidayoq Zelenskiy natijaga erishilmaganini tan olgan edi.
Ukraina Qurolli Kuchlari (UQK) janubda va Qora dengizda yangi hujumga tayyorlanmoqda, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Fox News telekanaliga bergan intervyusida. Uning so‘zlaridan RBK iqtibos keltirdi.
«Himoya - birinchi raqamli vazifa. Qora dengizdagi muvaffaqiyatli operatsiyalarimizni davom ettiramiz. Tafsilotlarga to‘xtalmayman, lekin rossiyaliklar kutilmagan hodisalarga duch kelishadi. Janub muhim ahamiyatga ega… Va, albatta, biz yangi qarshi hujumga, yangi operatsiyaga tayyorlanamiz», dedi davlat rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto Rossiyadan himoyalanish ham katta vazifa va qiyinchilik, chunki ikki davlat kuchlari teng emas. Zelenskiyning ta’kidlashicha, bugungi kunda Ukraina Qurolli Kuchlarida ayrim brigadalarda 40 foizgacha yetishmovchilik mavjud.
Ukraina 2023 yil yozida qarshi hujumni boshlagan edi. Biroq noyabr oyidayoq Zelenskiy natijaga erishilmaganini tan oldi. 20 fevral kuni prezident frontning bir qancha uchastkalaridagi og‘ir vaziyat haqida xabar berdi va G‘arb davlatlaridan yordam yetkazilishi kechiktirilganiga ishora qildi. Ilgari u G‘arb ko‘magisiz Ukraina Qurolli Kuchlari chekinishni boshlashini ham istisno qilmagan edi.
Rossiya hukumati bir necha bor Ukraina qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini va tashabbusni to‘xtatganini qayd qilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning amaldagi hukumatining siyosati davom etsa, uning davlatchiligiga qattiq zarba berilishi mumkinligini aytgan.
Rossiya Qurolli Kuchlari bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i, general-polkovnik Sergey Rudskoy shu hafta boshida G‘arb davlatlaridan jiddiy yordam olgan taqdirda Ukraina yana bir qarshi hujumni boshlashi mumkinligini tan oldi. «Ukraina Qurolli Kuchlari faol operatsiyalarni o‘tkazish uchun jangovar qobiliyatini saqlab qolgan. Kelajakda G‘arb tomonidan keng ko‘lamli harbiy yordam ko‘rsatilsa, qarshi hujumga navbatdagi urinishni istisno etib bo‘lmaydi», dedi u.
Mavzuga oid
11:48
Moldovada mansabdorlar rossiyaliklarga noqonuniy ravishda yashash uchun ruxsatnoma bergan
10:42
Zelenskiy Budapeshtda RFga yon bosmaslikka chaqirdi
09:08
Zelenskiy: Kursk oblastidagi KXDR askarlari yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda
22:15 / 07.11.2024