Jahon | 16:08 / 26.02.2024
7639
4 daqiqa o‘qiladi

Oq uy Rossiyaning prezidentlik saylovlariga ehtimoliy aralashuvidan xavotirda

Jyeyk Sallivanning aytishicha, Jo Bayden ma’muriyati Rossiya saylovlarga aralashishi mumkinligidan «albatta, xavotirda». U bu qo‘rquvlarning asosliligiga dalil keltirmadi.

Foto: Urmet Kook

Vashington Rossiyaning AQShda noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga aralashuvidan «xavotirda». Bu haqda 25 fevral, yakshanba kuni Amerikaning NBC News telekanalidagi «Matbuot bilan uchrashuv» dasturida AQSh prezidenti milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ma’lum qildi.

«Bugun men dalil haqida gapira olmayman. Lekin shuni aytishim mumkinki, albatta, xavotirlar bor. Bu yerda Rossiya Federatsiyasi, uning razvedka xizmatlariga tegishli prezidentlik saylovlari nuqtayi nazaridan ham fon mavjud. Xavotirga tushish uchun juda ko‘p sabablar bor, - dedi u Sallivan. - Gap siyosat haqida emas. Gap milliy xavfsizlik to‘g‘risida boryapti. Gap Amerika Qo‘shma Shtatlari siyosati va demokratiyasini manipulyatsiya qilishga intilayotgan xorijiy davlat, xorijiy dushman haqida».

Jo Baydenning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Oq uy saylovga aralashuv oldini olish va Kongressdagi har ikki partiya vakillari bilan aloqa o‘rnatish uchun «hushyor» bo‘lishini qo‘shimcha qildi, «chunki bu (milliy xavfsizlik) - siyosatdan yuqoriroq turishi kerak».

2023 yil oktyabr oyida AQSh razvedka agentliklari Rossiya o‘zining josuslar tarmog‘i, davlat ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib, saylovlarga jahon jamoatchiligi ishonchini susaytirayotgani haqida hisobot e’lon qildi. O‘shanda bu hisobot Yevropa, Osiyo, Afrika va Shimoliy Amerikadagi yuzga yaqin davlat elchixonalariga yuborildi.

Putin Bayden AQSh prezidenti sifatida Rossiya uchun afzalroq ekanini aytdi

AQShda prezidentlik saylovlari 2024 yil 5 noyabrda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15 fevral kuni «Moskva. Kreml. Putin» dasturi muallifi Pavel Zarubinga bergan intervyusida AQSh prezidenti sifatida Rossiya uchun kim yaxshiroq – hozirgi davlat rahbari Jo Baydenmi yoki Donald Trampmi, degan savolga shunday javob berdi: «Bayden. U tajribali, harakatlarini oldindan aytish mumkin, eski formatsiyaning siyosatchisi. Lekin biz Amerika xalqi ishonch bildiradigan har qanday AQSh rahbari bilan ishlaymiz».

Bir necha kundan keyin, 21 fevralda Oq uy rahbari San-Fransiskodagi kichik homiylar guruhi oldida saylovoldi tashviqoti chog‘ida so‘zga chiqib, Vladimir Putin haqida gapirdi. Yadroviy to‘qnashuv tahdidi doimo mavjudligi, lekin insoniyat uchun ekzistensial tahdid iqlim o‘zgarishi ekanligiga e’tibor qaratgan Bayden: «Bu eng so‘nggi ekzistensial tahdid - iqlim. Bizda Putin va boshqalar bor. Biz yadroviy mojaro tufayli doimo tashvishlanishimiz kerak, ammo insoniyat uchun ekzistensial tahdid iqlimdir».

Shundan so‘ng Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSh prezidenti bunday qo‘pollikdan «uyalishi» kerakligini aytdi. Biroq, Putinning o‘zi, aftidan, xafa bo‘lmagan. 

«Siz mendan Amerika Qo‘shma Shtatlarining bo‘lajak prezidenti sifatida biz uchun kim afzalroq, deb so‘radingiz va men har qanday prezident bilan ishlashimizni aytdim, lekin biz uchun, Rossiya uchun Bayden afzalroq, deb hisoblayman, - dedi u 22 fevral kuni jurnalist Zarubin bilan suhbatda. - Va uning (Jo Bayden) aytgan so‘zlariga qaraganda, men mutlaqo haqman, chunki bu mening aytganlarimga adekvat munosabatdir. U menga: «Volodya, yaxshi, rahmat, menga ko‘p yordam berdingiz», deya olmaydi. Biz u yerda nima sodir bo‘layotganini ichki siyosiy nuqtayi nazardan tushunamiz va bu reaksiya mutlaqo adekvat, demak, men haq edim».

Mavzuga oid