Saudiya Arabistoni Hajda noqonuniy ishtirok etganlik uchun jazoni kuchaytirdi
Qonunbuzarlarni jarima, qamoq va deportatsiya kabi jazolar kutmoqda.
Saudiya Arabistoni rasmiylari xorij fuqarolari va rezidentlarini 2024 yilgi Hajda noqonuniy ishtirok etganlik uchun jazolanishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqdagi Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi bayonotini Gulf News keltirdi.
Bayonotga ko‘ra, ziyorat qilish uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan mahalliy fuqarolar 50 ming riyol (≈166 mln so‘m) jarimaga tortiladi. Shuningdek, ruxsatnomaga ega bo‘lmasdan ziyoratchilarni transportda tashish bilan shug‘ullanganlarni ham shunday jazo kutadi.
Shu bilan birga, ziyorat qilish uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan xorijliklar 6 oyga qamoqqa olinadi, keyinchalik esa deportatsiya qilinadi va 10 yilga mamlakatga kirishi taqiqlanadi.
2024 yilga Haj mavsumi 14-19 iyun kunlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
2023 yilgi Haj mavsumida Saudiya Arabistonida 17 mingdan ortiq noqonuniy ziyoratchi qo‘lga olingan edi.
Xavfsizlik qo‘mitasi rahbari general-leytenant Muhammad al-Bassamiy so‘zlariga ko‘ra, ulardan 9,5 ming kishi yashash, mehnat va chegara xavfsizligi qoidalarini buzgan. Shu bilan birga, qirollikning turli hududlarida 105 ta soxta Haj safari tashkilotchilari aniqlangan.
Al-Bassamiyning qo‘shimcha qilishicha, Haj ruxsatnomasi bo‘lmagan 202 mingdan ziyod kishi Makkaga kirish joylaridan qaytarib yuborilgan. 129 mingga yaqin avtomobil ruxsatnomasi yo‘qligi tufayli Makka va muqaddas qadamjolarga kiritilmagan.