“Toshkentda 500 gektardan oshiq hudud renovatsiyaga tushgan” – poytaxt hokimi
Shavkat Umrzoqov Toshkent shahrida 500 gektar hududdagi binolar renovatsiya qilinishi kerakligini aytdi. Hokimning ta’kidlashicha, bunday binolar qatoriga 2 qavatli eski uylar va Sergeli tumanidagi ayrim turar joylar ham kiradi.
Bu haqda Shavkat Umrzoqov 27 fevral kuni davlat rahbari bilan bo‘lgan yig‘ilishdan so‘ng O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Qayd etilishicha, majlisda Toshkent shahrida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hujjatlar loyihalari doirasida keyingi turgan dolzarb masala sifatida qurilish va renovatsiyadagi muammolar haqida ham gapirib o‘tilgan.
Umrzoqov poytaxtning o‘zida 500 gektardan ortiq bo‘lgan hududda qayta yangilanishga muhtoj binolar borligini ta’kidladi. Ular qatorida sobiq sovet vaqtida qurilgan 2 qavatli binolar ham bor.
“Ko‘p yillar oldin qurilgan 2 qavatli binolar, Sergeli tumanida vaqtinchalik qurilib ketgan uylar – [ularning] hammasi bugungi kunda talabga javob bermaydi, xavfsizlik nuqtai nazaridan ularda risk katta.
Albatta, davlat biznesga sharoit yaratib bergani uchun xususiy sektor ularni [uylarni] bemalol ko‘chiradi, u yerda zo‘r, chiroyli qurilish obektlarini barpo etadi”,– dedi u.
Hokimning qo‘shimcha qilishicha, shu vaqtgacha renovatsiya qilinadigan yerlar bo‘yicha aniq mexanizm bo‘lmagan, yig‘ilishdan so‘ng bu masala hal bo‘lgan. Ya’ni 500 gektardan oshiq hudud renovatsiya qilinishi tasdiqlangan. “O‘ylaymanki, bu xususiy sektor ishlashiga juda katta imkoniyat”,– deydi Umrzoqov intervyu so‘ngida.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda prezident parlamentga qilgan murojaatida yirik megapolislarning tajribasi o‘rganilib, renovatsiya dasturi bosqichma-bosqich joriy etilishini ma’lum qilgandi. Ya’ni foydalanish muddati tugab, eskirib qolgan ko‘p qavatli uylar o‘rnida zamonaviy sharoitga ega bo‘lgan yangi uylar qurish dasturi ishlab chiqish lozimligini aytgandi.
2021 yilda o‘sha vaqtdagi Uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan renovatsiya dasturi bo‘yicha hukumat loyihasi e’lon qilingandi.
Unga ko‘ra, 2021 yildan boshlab O‘zbekistonda ko‘p qavatli uy-joy fondini yangilash ishlari boshlanishi, dastur doirasida ko‘p qavatli uylarning inventarizatsiyasi va ularni ta’mirlash yoki buzish rejalashtirilgani qayd etilgan.
O‘tgan yili noyabr oyida esa “Adolat” SDP Toshkent shahrida renovatsiyaning mustahkam qonunchilik asoslari bo‘lmaguncha uning asosida yangi qurilishlar qilinishiga qarshi ekanini bildirgandi.
Mavzuga oid
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
21:31 / 06.11.2024