O‘zbekiston | 15:32 / 29.02.2024
4529
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy buyurtma bo‘yicha suv ta’minoti xizmatini ko‘rsatish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan markazlashgan ichimlik suv ta’minoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suv bilan ta’minlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish tartibi tasdiqlandi.

Prezidentning “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq markazlashgan ichimlik suv ta’minoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suv bilan ta’minlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

  • davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihalarining boshqaruvchisini tanlash;
  • davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida ichimlik suv ta’minoti va oqova suv chiqarish xizmatlari bilan ta’minlash uchun qurilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha loyiha va pudrat tashkilotlarini tanlash;
  • davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida barpo etilgan ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlarini (inshootlarini) foydalanishga topshirish.

 Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bir oy muddatda davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalari boshqaruvchisining tanlov takliflarini baholash mezonlarini tasdiqlashi lozim.

Shuningdek, Adliya vazirligi bilan birgalikda davlat ijtimoiy buyurtmasini amalga oshirish shartnomasining namunaviy shakli ishlab chiqiladi.

2024 yilda davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida ichimlik suv bilan ta’minlanadigan qishloq aholi punktlarining manzilli dasturi tasdiqlanadi.

Mavzuga oid