Benzin importchilari o‘zlarini qiynayotgan muammolarni aytdi
Raqobat qo‘mitasi rahbarlari benzin importyorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Qo‘mita xabariga ko‘ra, muloqotda tadbirkorlar o‘zlari duch kelayotgan 7 ta muammoni sanab o‘tgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari”da tariflarining yuqoriligi, sanksiyalarning to‘lovlarga ta’siri, mahsulot saqlash sig‘imlari yetarli emasligi, Turkmanistondan benzin olib kirish ko‘p vaqt talab qilishi shular jumlasidan.
Raqobat qo‘mitasi benzin importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Asadulla Qayumov va Farrux Karabayev ishtirok etdi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.
Ochiq muloqotda muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, xususan, avtomobil benzini importini oshirish masalalari muhokama qilingan.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, tadbirkorlar ularni qiynayotgan 7 ta muammoni sanab o‘tgan:
- Avtomobil benzini importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subektlari uchun banklar tomonidan ajratilgan kredit yuklamasi yuqoriligi;
- Logistika narxlari yuqoriligi, Rossiyadan Keles chegarasigacha bo‘lgan masofa (1700 km) uchun bir tonnasi uchun 150 dollar bo‘lgan bir paytda ichki temir yo‘l orqali tashish xizmati 8-10 km uchun 15-20 dollarni tashkil etishi;
- Import qilingan benzin barcha standartlarga to‘g‘ri kelishi va sifati talabga javob berishi yuzasidan Rossiya tomonidan berilgan hujjatlar borligiga qaramay, respublikaga olib kirganda qo‘shimcha majburiy sertifikatlashdan o‘tkazish;
- Import qilingan benzin mahsuloti uchun QQS to‘lovini to‘lash muddati qisqaligi;
- Import qilish niyatida xorijiy davlatlarga pul mablag‘larini o‘tkazib berganda, ushbu mablag‘lar geosiyosiy vaziyatlardan kelib chiqib taqiqlarga tushib qolgan vaqtlarda mahsulot o‘z vaqtida yetib kelmasligi; ayni shu davrda mahsulot relizatsiya qilinmagan, biroq mablag‘lar o‘tkazilgani uchun soliqqa tortilishi holatlari;
- Importyorlar katta hajmlarda benzin mahsulotini olib kirganda ularni saqlash uchun sig‘imlar mavjud emasligi hamda mavjud bo‘lgan sig‘imlar ijarasi qimmatligi;
- Importyorlar Turkmanistondan benzin xarid qilish jarayoni juda ko‘p vaqtni talab qilishi, natijada aylanma pul mablag‘larining “muzlab” qolishi.
Eslatib o‘tamiz, RF mavsumiy talabning oshishi fonida benzin eksportiga 1 martdan vaqtinchalik taqiq kiritdi. Eksport taqiqi YeOII mamlakatlari, Mo‘g‘uliston, O‘zbekiston, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga kelishilgan yetkazib berish hajmlariga taalluqli emasligi aytilgan.
Bundan avvalroq 26 fevraldan UNG Petro AYoQShlarida AI-80 benzini narxi 6800 so‘mdan 7000 so‘mga qimmatladi. “O‘zbekneftgaz” buni import benzini narxi oshishi bilan izohladi. Bir necha kun o‘tib, shoxobchalar xususiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga oid
17:26 / 06.11.2024
Propan 5 oyda qariyb 2 barobarga, AI-80 benzini esa yillik nisbatda 26 foizga qimmatlashdi
07:30 / 04.11.2024
Toshkentdagi yana uchta AYoQShda sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi
07:40 / 30.10.2024
Toshkent shahridagi ayrim AYoQShda sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi
14:25 / 29.10.2024