O‘zbekiston | 11:49 / 30.03.2024
25853
3 daqiqa o‘qiladi

NKMKning “Marjonbuloq” konida ekskavatorchini BelAZ bosib ketdi

Kondagi smena almashish maydonida sodir bo‘lgan hodisada ekskavatorchi vafot etgan. BelAZ haydovchisi bu turdagi yirik samosvalni boshqarish huquqini beruvchi guvohnomaga ega bo‘lmagan.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tarkibidagi Janubiy kon boshqarmasiga qarashli “Marjonbuloq” konida ekskavator mashinisti yirik hajmli samosval bosib o‘tishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Kun.uz’ning kombinatdagi manbasi ma’lum qildi.

Jamiyatning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlariga yozilgan axborot xatida keltirilishicha, holat 25 yanvar kuni sodir bo‘lgan. “Marjonbuloq” koni ochiq kon ishlari uchastkasi ekskavator mashinisti Shodiyor Abjalov ishga chiqish jadvaliga asosan kechki smenaga ishga kelgan. Biroq u ishga chiqish oldidan tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan. Yozma topshiriq olgach, ishchi xodimlari bilan birgalikda “Zapadniy” karerida joylashgan smena almashish maydoniga borgan.

Smena almashish maydonida tegishli topshiriqni olgan Abjalov ikki nafar hamkasbi bilan texnologik yo‘l orqali ekskavator tomonga ketishgan. Shu payt yo‘lning qarama-qarshi tomondan BelAZ samosvali harakatlanib kelgan. Ob-havo noqulayligi, yomg‘ir yog‘ayotganligi tufayli samosval haydovchisi piyodalarni ko‘rmay qolgan. Oqibatda Shodiyor Abjalov BelAZning chiqib-tushish zinasiga urilib, yiqilgan va uni samosvalning old g‘ildiragi bosib o‘tgan.

Ekskavatorchi zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan u vafot etgan.

O‘tkazilgan tekshiruv davomida BelAZ haydovchisi belgilangan 2 yillik stajga hamda tegishli rusumdagi samosvalni boshqarish huquqini beruvchi guvohnomaga ega emasligi aniqlangan. Shunday bo‘lsa ham u og‘ir yuk ko‘taruvchi karer avtosamosval haydovchisi sifatida ishga olingan.

Bundan tashqari, baxtsiz xodisa sabablari o‘rganilganida Janubiy kon boshqarmasi xavfli ishlab chiqarish obektlarida sanoat xavfsizligini ta’minlash ishlari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi ma’lum bo‘lgan.

Mavzuga oid