AQSh «Tolibon»ni Afg‘onistondagi qonuniy hukumat sifatida tan olmaydi
Davlat departamenti bu mamlakatda «hokimiyat tepasiga kelgan radikallar inson huquqlarini poymol qilishda va xalqaro konvensiyalarga zid bo‘lgan ichki qonunlarni chiqarishda davom etayotgani»ni qayd etgan.
Qo‘shma Shtatlar hali «Tolibon» harakatini Afg‘oniston hukumati sifatida tan olish to‘g‘risida bir qarorga kelmadi. Chunki bu mamlakatda «hokimiyat tepasiga kelgan radikallar inson huquqlarini poymol qilishda va xalqaro konvensiyalarga zid bo‘lgan ichki qonunlarni chiqarishda davom etmoqda». Bu haqda AQSh Davlat departamentining 2023 yilda dunyoning turli mamlakatlaridagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat haqidagi hisobotida aytiladi.
Davlat departamenti tahlilchilarining qayd etishicha, hisobot davrida Afg‘onistonda ta’lim va ish bilan ta’minlanish imkoniyati cheklangan ayollar huquqlari sezilarli darajada yomonlashgan. Mutaxassislarga ko‘ra, «Tolibon» afg‘on ayollari uchun shart-sharoitlarni yengillashtirish yoki ayrim taqiqlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi birorta ham farmon qabul qilmagan.
Amerikalik siyosatchilarni Afg‘oniston hukumatiga «sodiq bo‘lmagan» odamlarning qiynoqqa solinishi, noqonuniy hibsga olinishi va o‘g‘irlab ketilishi haqidagi ko‘plab xabarlar ham xavotirga solgan. «Tolibon» qurolli mojarolarda qatnashish uchun «bolalarni yollamoqda, bu ham inson huquqlarining jiddiy buzilishi hisoblanadi».
Bundan tashqari, «mamlakatda so‘z erkinligi poymol etilmoqda, internetga kirishda cheklovlar mavjud, mustaqil matbuot ta’qib qilinyapti».
Ta’kidlanishicha, «toliblar» etnik va diniy ozchiliklar - hazoralar, sikxlar, salafiylar, hindular, nasroniylar vakillariga «har tomonlama zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazmoqda».
TOLOnews xabariga ko‘ra, Afg‘oniston davlati matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulloh Fitrat AQSh tanqidiga javob qaytargan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi hukmron hukumat «Islom va shariat tamoyillariga sodiq», «G‘arb esa unga o‘z qoidalari va madaniyatini singdirishga intiladi, jumladan, inson huquqlari masalasida ham».
Mavzuga oid
17:45
Prokurorlikdan vitse-prezidentlikka qadar. Kamala Harris kim?
15:30
AQSh 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilga 17,9 mlrd dollarlik harbiy yordam berdi
10:48
AQSh iqtisodiyoti har qachongidan ham kattaroq va yaxshiroq. Siyosiy qarorlar buni barbod qilishi mumkinmi?
10:30