O‘zbekiston | 09:18 / 03.05.2024
16585
2 daqiqa o‘qiladi

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga onlayn ariza berish mumkin

Endi kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga my.gov.uz orqali onlayn ariza berish mumkin. 

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda endi kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga onlayn ariza berish mumkin. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali xabar qildi.

My.gov.uz orqali ko‘rsatiladigan ushbu xizmatdan kam ta’minlangan, jumladan, oilasida 18 yoshgacha farzandi bor ijtimoiy nafaqa olish istagida bo‘lgan talabgorlar foydalanishi mumkin.

Bolalar nafaqasi 12 oy (bola 18 yoshga to‘lgangacha), moddiy yordam 6 oy muddatga to‘lanadi. Bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdorlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan.

Talabgorlar ushbu xizmatdan foydalanish uchun:

  • my.gov.uz da ro‘yxatdan o‘tishi;
  • tegishli xizmatni tanlashi;
  • undagi so‘rovnomani to‘ldirishi va yuborishi kerak.

Xizmatdan foydalanish bepul. Ariza «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi tomonidan o‘rganiladi.

Bunda ariza beruvchi oilasining har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdori aniqlanadi va belgilangan mezonlarga mosligi solishtiriladi. Shundan so‘ng ijtimoiy nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. 

Mavzuga oid