Jahon | 22:26 / 08.05.2024
5265
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Isroilga harbiy yordam berishni qisman to‘xtatdi

Gap barcha harbiy yordam haqida emas, faqat bitta qurol partiyasi haqida ketmoqda. AQSh hamon Isroilga zarur yordam ko‘rsatish, o‘zini himoya qilish vositalari bilan ta’minlash tarafdori.

Foto: Reuters

Pentagon rahbari Lloyd Ostin AQSh prezidenti ma’muriyati Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatib turishga qaror qilganini aytdi. Uning aniqlik kiritishicha, gap barcha harbiy yordam haqida emas, faqat bitta qurol partiyasi haqida ketmoqda. Avvalroq The New York Times AQSh Isroilga 3,5 ming bomba yetkazib berishni kechiktirgani haqida yozgan edi.

«Biz hech qanday qaror qabul qilganimiz yo‘q. Biz tanaffus qildik», dedi Ostin Senat tinglovida. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh hukumati Isroilning Rafah shahridagi harbiy amaliyoti tufayli unga ko‘rsatayotgan yordamini qayta ko‘rib chiqmoqchi.

Ostin so‘zlariga ko‘ra, ta’minot bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Gap faqat harbiy yordamning bir partiyasini yetkazib berishni muzlatish haqida ketmoqda, qaysi biri ekaniga aniqlik kiritilmagan. Ostinning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Isroilga zarur yordam ko‘rsatish, o‘zini himoya qilish vositalari bilan ta’minlash tarafdori.

Rafah G‘azo sektorining janubida, Misr bilan chegarada joylashgan. Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasida urush boshlanganidan so‘ng, anklavning turli burchaklaridan qochqinlar shaharga oqib kelgan. G‘arb ittifoqchilari Isroilni Rafahda harbiy operatsiya o‘tkazishdan bir necha bor qaytargan.

Rafah bilan bog‘liq vaziyat Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va jangarilar tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar fonida rivojlandi. Isroil hukumati Falastin harakati bilan tuzilgan kelishuv hali ham shahardagi operatsiya rejalariga ta’sir qilmasligini aytdi.

6 may kuni HAMAS G‘azo sektorida sulh tuzish taklifini qabul qilishga tayyorligini ma’lum qildi. O‘sha kuni Isroil armiyasi dastlab sharqiy Rafahning tinch aholisini evakuatsiya qilinishga chaqirdi, bir necha soatdan keyin esa shaharning bu qismiga havo hujumlarini boshladi. 7 may kuni Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil G‘azo sektoridagi Rafah shahrida HAMAS harakati to‘liq yo‘q qilinmaguncha harbiy amaliyotini davom ettirishini aytdi.

Mavzuga oid