O‘zbekiston | 21:26 / 13.05.2024
3548
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi 

Uchrashuvda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonda bo‘lib turgan Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Lyu Gochjun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. 

Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Yanvar oyida Xitoyga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi tahlil qilindi. 

Qo‘mita faoliyati samarali natijalar berayotgani, tovar ayirboshlash va jalb etilayotgan investitsiyalar hajmi barqaror oshayotgani, muntazam aviaqatnovlar soni ko‘payib borayotgani, madaniy tadbirlar faol o‘tkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Savdo ko‘rsatkichlarida muvozanatni ta’minlash va mamlakatimiz mahsulotlarining Xitoy bozoriga kirishi uchun qulay sharoitlar yaratish, iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida muhim investitsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar kooperatsiyasini kengaytirish, gumanitar, ta’lim va turizm dasturlarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Bundan tashqari, «Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha ishlarning amaliy bosqichini tez fursatda boshlash bilan bog‘liq jihatlar muhokama qilindi. 

Mavzuga oid