Jahon | 07:38 / 14.05.2024
1497
4 daqiqa o‘qiladi

YeI davlatlari Gurjistondagi bahsli qonun loyihasini baholashga chaqirdi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va uning Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardagi 11 nafar hamkasbi Borrelni «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasi Gurjistonning Yevropa istiqbollariga ta’sirini baholashga chaqirdi.

Foto: Giorgi Arjevanidze/AFP/Getty Images

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va uning o‘n bir yevropalik hamkasbi, jumladan, Niderlandiya, Polsha, Fransiya, Shvetsiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrelni munozarali «Xorijiy ta’sir shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istiqbollariga qanday ta’sir etishini baholashga chaqirdi. Ularning maktubi haqida 13 may, dushanba kuni ma’lum bo‘ldi, deb xabar beradi dpa. 

10 may sanasi qo‘yilgan va Borreldan tashqari Yevropaning qo‘shnichilik va kengayish bo‘yicha komissari Oliver Varxeliga yo‘llangan hujjatda Gurjiston hukumati mamlakatning yakuniy Yevropa va yevroatlantika integratsiyasini xavf ostiga qo‘yishga harakat qilayotganidan xavotir bildirilgan. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi tomonidan taklif etilgan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasi «Gurjistonning Yevropa Ittifoqi yo‘lidagi taraqqiyotiga mos kelmaydi», deyiladi 11 yevropalik vazir maktubida. 

«Demokratiya nuqtayi nazaridan regressiya» 

Xat mualliflariga ko‘ra, «taklif etilayotgan qonun Gurjistonda demokratiya va inson huquqlari nuqtayi nazaridan xavotirli regressiyaning yana bir belgisidir». Vazirlar Jozep Borrelni Yevropa komissiyasiga taklif etilayotgan qonun Gurjistonning YeIga qo‘shilish yo‘lidagi qadamlarini amalga oshirishga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida zudlik bilan og‘zaki ma’lumot berishga chaqirmoqda. «Biz sizdan bu masalaga ustuvor ahamiyat berishingizni va Gurjiston parlamentida yakuniy ovoz berishdan oldin jamoatchilik bahosini berishingizni so‘raymiz», - deyiladi maktubda. 

Qonun loyihasi parlamentning huquq qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi

Avvalroq Gurjiston parlamentining huquq qo‘mitasi mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari va Yevropa Ittifoqining tanqidlari fonida «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi, qo‘mita yig‘ilishi bir necha daqiqa davom etdi. Shundan so‘ng qonun loyihasi parlament yalpi majlisida uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi. 

Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi qonunni may oyi o‘rtalariga qadar kuchga kiritish niyatida. Moliyalashtirishning kamida 20 foizini xorijdan oladigan tashkilotlarni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish talab etiladi. Tanqidchilar hujjatda Rossiyaning «chet el agentlari» qonuni bilan yaqqol o‘xshashliklarni ko‘rmoqda, bu esa rasmiylarga tanqidiy ommaviy axborot vositalari va tashkilotlarga nisbatan keskin choralar ko‘rish imkonini beradi. 

So‘nggi haftalarda Gurjistonda «Rossiya qonuni»ga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda, ular davomida o‘nlab odamlar qo‘lga olingan. Avvalroq BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk ham Gurjiston hukumatini qonun loyihasini qaytarib olishga, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan «muloqot boshlashga» chaqirgan edi. 

Mavzuga oid