Quyoshda eng yuqori X toifali kuchli chaqnash sodir bo‘ldi
27-28 may kunlari quyosh faolligi oshadi va X sinfidagi chaqnashlar, shu jumladan proton chaqnashlari kutilmoqda.
27 may kuni Quyoshda eng yuqori X toifadagi kuchli chaqnash sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Rossiyaning Amaliy geofizika institutiga (AGI) tayanib TASS.
«27 may kuni Moskva vaqti bilan soat 10:08 da rentgen diapazonida 36 daqiqa davom etgan X2.9 chaqnashi qayd etildi. Chaqnash qisqa to‘lqinli radioaloqaning uzilishiga sabab bo‘ldi», deyiladi xabarida.
Qayd qilinishicha, 27-28 may kunlari quyosh faolligi oshadi va X sinfidagi chaqnashlar, shu jumladan proton chaqnashlari kutilmoqda. 27 may kunning birinchi yarmida yuqori kengliklarda magnit maydon buzilishi qayd etilgan.
Quyoshdagi bir qator kuchli chaqnashlardan so‘ng, may oyi boshida Yerda kuchli magnit bo‘roni boshlandi. 11 mayga o‘tar kechasi u 2005 yil avgustidan beri birinchi marta qayd etilgan ekstremal quvvat darajasiga yetdi.
Quyosh chaqnashlari rentgen nurlanishining kuchiga qarab besh sinfga bo‘linadi: A, B, C, M va X. Minimal A0.0 sinfi Yer orbitasidagi 1 kv.m. uchun 10 nVt radiatsiya quvvatiga to‘g‘ri keladi. Keyingi harfga o‘tishda quvvat 10 barobar ortadi.
Chaqnashlar odatda quyosh plazmasining otilishi bilan birga keladi, uning bulutlari Yerga yetib kelib, magnit bo‘ronlarini qo‘zg‘atishi mumkin.