Jahon | 11:51 / 30.05.2024
14105
2 daqiqa o‘qiladi

Eng toza 10 aeroport reytingi e’lon qilindi – ularning 9tasi Osiyoda

Reytingdagi eng toza aeroportlarning aksari Osiyoda ekanini ko‘rish mumkin. Tadqiqot Skytrax reyting tashkiloti tomonidan World Airport Awards doirasida o‘tkazilgan.

Foto: Unsplash

Dunyodagi eng toza aeroport Yaponiya poytaxti Tokiodagi Xaneda deb topildi. Skytrax pollar, o‘rindiqlar, umumiy foydalanish joylari va hojatxonalar tozaligiga yuqori baho bergan. Tashkilotga ko‘ra, aeroportlar tozaligi koronavirusdan keyingi dunyo uchun juda muhim. Xaneda aeroporti bilan bir qatorda Yaponiyaning yana uchta aeroporti kuchli o‘ntalikka kirgan. Nagoya 5-o‘rin, Narita 6-o‘rin va Kansai 7-o‘rinni egallagan.

Tozalik reytingida 2-o‘rinni Seuldagi Incheon, 3-o‘rinni esa Singapurning Changi aeroportlari egallagan.

Dohaning Hamad aeroporti 4-, Hongkong va Tayvan aeroportlari esa 8- va 9-o‘rinlarni egalladi.

Ro‘yxatni Osiyoda bo‘lmagan yagona aeroport – Shveytsariyaning Tsyurix aeroporti bo‘lib, u 10-o‘ringa loyiq ko‘rilgan.

Shuningdek, Skytrax hududlar bo‘yicha ham qaysi aeroport tozaroq ekanini o‘rgangan. Bunda Tsyurix Yevropadagi eng toza aeroport deb topilgan bo‘lsa, Xaneda Osiyoda, Hamad esa Yaqin Sharqdagi eng tozasi bo‘ldi.

Shimoliy Amerikada eng yaxshi terminal Vankuver (Kanada), Janubiy Amerikada esa Kito (Ekvador) bo‘ldi. Kosta-Rikadagi Xuan Santamariya Markaziy Amerika va Karib havzasidagi eng toza aeroport deb topildi.

Afrikada Keyptaun birinchi o‘rinni egalladi, Brisben Avstraliya-Tinch okeani mintaqasida, Shanxay Xunqiao esa Xitoyda g‘olib chiqdi.

Markaziy Osiyoda Ozarboyjonning Boku shahri aeroporti, Hindiston va Janubiy Osiyoda esa Bangalor eng yaxshisi deb topildi.

Ma’lumot uchun, dunyo bo‘ylab aeroportlarda mijozlar qoniqishini o‘rganish boshlanganiga 25 yil bo‘ldi. Va har yili 8,5 milliarddan ortiq yo‘lovchi havo orqali sayohat usulini tanlaydi.

Mavzuga oid