Jahon | 00:05 / 30.05.2024
4736
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azodagi urush yana 7 oy davom etishini taxmin qilmoqda

G‘azodagi harbiy amaliyotlardan maqsad HAMAS boshqaruviga barham berish hamda uning va ittifoqchilarining Isroilga hujumini to‘xtatish ekanligi ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

Isroil 29 may kuni Rafahga tanklarini yubordi va G‘azodagi HAMASga qarshi urush yil oxiriga qadar davom etishini bashorat qildi. Bu haqda Reuters yozdi.

Qayd qilinishicha, ko‘plab g‘azoliklar Isroil hujumidan qochib boshpana topgan Rafahga hujumlarni to‘xtatish haqidagi Xalqaro sud qaroriga qaramay, Isroil seshanba kuni Rafahga o‘z tanklarini olib kirgan.

Rafah aholisining ta’kidlashicha, Isroil tanklari g‘arbdagi Tel-al-Sulton, markazdagi Yibna va Shaburagacha bostirib kirgan, so‘ngra Misr bilan chegaradagi bufer zonaga chekingan.  

Avvalroq, Xalqaro sud Isroil Rafahdan evakuatsiya qilinganlarning xavfsizligini, oziq-ovqat, suv va dori-darmon bilan qanday ta’minlamoqchi ekanini tushuntirmaganini ma’lum qilgan edi. Sud shuningdek, HAMASni 7 oktyabr kuni garovga olingan isroilliklarni zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz ozod qilishga chaqirgan.

Falastin sog‘liqni saqlash rasmiylari Isroilning G‘azo bo‘ylab havo hujumlari va o‘qqa tutilishi oqibatida 19 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini ma’lum qildi. Isroil HAMAS jangarilarini tinch aholi orasida yashirinishda ayblaydi, jangarilar esa buni rad etib keladi.

Ta’kidlanishicha, Isroil harbiylari Misr chegarasidagi bufer zonaning to‘rtdan uch qismini nazorat qilmoqda va HAMASning qurol kontrabandasi oldini olish uchun barcha qismini nazorat qilishni maqsad qilgan. Bu haqda  Isroil Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Tsachi Xanegbi ma’lum qildi.

G‘azodagi janglar hech bo‘lmaganda 2024 yil bo‘yi davom etadi, deb qo‘shimcha qildi u. Shuningdek, Isroil falastinlik mahbuslar bilan isroillik garovga olinganlarni almashishni ko‘zda tutuvchi kelishuvning bir qismi sifatida HAMAS talab qilgandek urushni tugatishga tayyor emasligiga ham ishora qildi.

«Rafahdagi janglar ma’nosiz urush emas», dedi Xanegbi, maqsad G‘azodagi HAMAS boshqaruviga barham berish hamda uning va ittifoqchilarining Isroilga hujumini to‘xtatish ekanligini takrorladi.

Isroilning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan AQSh 28 may kuni Rafahda o‘tkaziladigan yirik harbiy amaliyotga qarshi ekanini yana bir bor takrorladi va bunday operatsiya allaqachon o‘tkazilayotganiga ishonmasligini ham aytdi.

Jyenevada, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yig‘ilishida 30 dan ortiq davlat Isroilning G‘azodagi shifoxonalarga qilgan hujumlarini qoraladi va anklavdagi sog‘liqni saqlash inqirozidagi rolini yanada chuqurroq tekshirishni talab qildi. Isroil vakili esa HAMASni sog‘liqni saqlash muassasalaridan harbiy maqsadlarda foydalangan holda «bemorlar xavfsizligini ataylab xavf ostiga qo‘yganlikda» aybladi.

Mavzuga oid