Jahon | 23:34 / 04.06.2024
6460
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Minuteman-III qit’alararo raketasini sinovdan o‘tkazdi

AQSh Koinot kuchlari buning «joriy xalqaro voqealar bilan bog‘liq emasligini» ma’lum qildi. 

Foto: afgsc.af.mil

AQSh Harbiy-havo kuchlari Minuteman-III qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda AQSh kosmik kuchlari qo‘mondonligi xabar berdi. 

«Ushbu sinov AQSh yadroviy tiyib turish vositalarining XXI asr xatarlarini tiyib turish va ittifoqchilarni tinchlantirish uchun xavfsiz, ishonchli va samarali ekanini namoyish etadi», deyiladi xabarda. 

Raketa 4 iyun kuni ertalab Kaliforniyadagi Vandenberg havo kuchlari bazasidan uchirilgan. Navbatdagi sinov 6 iyunga mo‘ljallangan. 

Qayd qilinishicha, shunga o‘xshash sinovlar 300 martadan ko‘proq o‘tkazilgan va «hozirgi xalqaro voqealar bilan bog‘liq emas». 

AQSh Kosmik kuchlari qo‘mondonligi may oyi oxirida Minuteman-III qit’alararo raketasini uchirish rejalashtirilganini e’lon qilgan edi. Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar ikki tomonlama kelishuvlar doirasida bo‘lajak sinovlar haqida Rossiya hukumati oldindan xabardor qilingani qayd etildi. 

Minuteman-III - qattiq yonilg‘i bilan ishlaydigan qit’alararo ballistik raketa bo‘lib, 1970 yildan beri AQSh armiyasida xizmat qilmoqda. Raketaning uchish masofasi taxminan 9,5 ming kilometrni tashkil qiladi. Ushbu raketaning so‘nggi sinovlari 2023 yil sentabrida bo‘lib o‘tgan. Fevral oyida yana bir uchirish rejalashtirilgan edi, biroq sinov maydonchasidagi ta’mirlash ishlari tufayli keyinga surildi. 

Mavzuga oid