O‘zbekiston | 11:59 / 05.06.2024
2532
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston vakili Britaniya Tashqi ishlar vazirligi mukofoti laureati bo‘ldi

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniya Tashqi ishlar vazirligi va Chivning bitiruvchilari alyansi tomonidan tashkil etilgan "2024 yilning eng yaxshi bitiruvchilari" (Chevening Alumni of the Year Award 2024) mukofotini topshirish marosimida ishtirok etdi.

Foto: "Dunyo" AA

"Dunyo" xabariga ko‘ra, yuridik fanlar doktori Sergey Sayapin mazkur mukofotning "Maqolalar" nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Unga ushbu mukofot 2023 yil may oyida chop etilgan "Markaziy Osiyoda inson huquqlari: muammolar va istiqbollar" maqolasi uchun berildi. Mukofot O‘zbekiston elchixonasiga topshirildi.

Tadbirda Chernogoriya, Panama, Kolumbiya, Gvatemala, Filippin, Kamerun, Armaniston, O‘zbekiston, Shri-Lanka va Tailand vakillari "Ilm-fan", "Siyosat", "Saxovat sohasi", "Inson huquqlari", "Ijtimoiy va atrof-muhitga ta’sir", "Innovatsiyalar va tadbirkorlik" va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandilar.

Sergey Sayapin Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Esseks universitetida magistrlik darajasini olgan va 2008 yilda Birmingem universitetida Chivning dasturi doirasida tahsil olgan. U, shuningdek, Gumboldt nomidagi Berlin universitetida (Germaniya) yuridik fanlar doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.

Mavzuga oid