Jahon | 09:55 / 06.06.2024
2177
2 daqiqa o‘qiladi

Pistorius: Bundesver 2029 yilgacha mudofaaga tayyor bo‘lishi kerak

Bundesverning mudofaa qobiliyatini oshirish uchun katta sarmoya va harbiy xizmatni isloh qilish zarur, dedi Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bundestagdagi chiqishida.

Foto: JANA RODENBUSCH / REUTERS / SCANPIX

Bundesver 2029 yilgacha mudofaaga tayyor bo‘lishi kerak, dedi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari Boris Pistorius 5 iyun, chorshanba kuni bundestagda deputatlar savollariga javob berar ekan.

Germaniya mudofaa vaziri o‘zi belgilagan muddatlarni Rossiyaning Ukrainaga hujumi kutilayotgan oqibatlari bilan bog‘ladi. «Bizning mudofaani e’tiborsiz qoldirishga haqqimiz yo‘q. RF harbiy iqtisodiyoti keyingi mojaroga tayyorgarlik ko‘rish ustida ishlayapti. 2029 yilga borib, eng yomonini oldini olish uchun himoya qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak», dedi Boris Pistorius. Ushbu muammoni hal qilish uchun Pistorius uchta asosiy muammoni belgiladi: «Texnologiya, shaxsiy tarkib va moliya».

Pistorus mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi

Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari, xususan, 2025 yilda mudofaa departamenti budjetini 6,5-7 milliard yevroga oshirish, shuningdek, Germaniya mudofaa xarajatlarini uzoq muddatga oshirish zarurligini bildirdi. 2024 yil uchun mudofaa budjeti taxminan 52 milliard yevroni tashkil qiladi. Shu bilan birga, vazir deputatlarning qo‘shimcha savollariga javob berar ekan, xarajatlarni alohida vazirliklar o‘rtasida muvofiqlashtirish zarurligini tilga olib, keyingi yillarda zarur bo‘lgan aniq miqdorlarni aytmadi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqiruv islohotiga to‘xtalib, vazir tez orada o‘z takliflarini Germaniya parlamentiga kiritishga va’da berdi. «Bizga harbiy xizmatning yangi modeli kerak», dedi mudofaa vaziri Pistorius bundestagda. Aniqlik beruvchi savollarga javob berar ekan, u ishlab chiqayotgan model Germaniyada umumiy chaqiruvni to‘liq emas, balki qisman qaytarishni nazarda tutayotganini ta’kidladi.

Mavzuga oid