Jahon | 11:56 / 14.06.2024
7975
15 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament saylovida kutilmagan natijalar: Makron va Sholsning partiyalari nega yutqazdi?

Yevropada siyosiy “ob-havo” ultra o‘nglar foydasiga o‘zgarishda davom etyapti. Breksitdan keyingi ilk Yevroparlament saylovlarida Makron va Sholsning partiyalari Ukrainaga yordam bermaslik tarafdorlariga mag‘lub bo‘ldi. Xo‘sh, ultra o‘nglarning kuchayishi sabablari nimada, bu natijalar Rossiya–Ukraina urushiga ta’sir qiladimi?

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Jahongir Akramov mavzu yuzasidan muhim savollarga javob berdi.

Yevroparlament va uning vazifasi nima?

Kamoliddin Rabbimov: — YeI konfederatsiya sifatida 3 ta muhim institutga ega: Yevropa kengashi, unga prezident va bosh vazirlar kiradi; Yevrokomissiya, bu xalq tomonidan saylanadi va davlatlar hukumatiga bo‘ysunmaydi, YeIning ijroiy hokimiyati; eng muhimi esa Yevropa parlamenti. Yevroparlamentga a’zo davlatlardan saylovlar orqali deputatlar saylanadi, jami 720 ta deputat bo‘ladi. Deputatlar o‘rni davlatlar aholi soniga qarab taqsimlanadi. Aholi soni bo‘yicha birinchi o‘rinda Germaniya, ikkinchi o‘rinda Fransiya turadi. Fransiyaning 81 ta o‘rni bor Yevroparlamentda.

O‘tgan saylovlar butun dunyoni hayratga soldi, chunki bu darajada ultra o‘nglar, populistlar, islomofoblar, ksenofoblar katta o‘rin oladi deb o‘ylashmagandi. Germaniya Fransiya va Avstriyada ultra o‘nglar ko‘proq ovoz oldi. Davlatlardan borgan deputatlar o‘z mafkurasiga ko‘ra fraksiyalarga qo‘shiladi. Masalan, Fransiyada ovoz olgan so‘llar Yevroparlamentda sotsialistlar, kommunistlar, ultra so‘llar fraksiyasiga qo‘shiladi. Umuman olganda, Yevroparlamentda ultra o‘nglar kuchayib bormoqda, 2000 yillarda ultra o‘nglar deyarli yo‘q edi. Yevropa konservatorlari va reformatorlari 73 ta o‘ringa, O‘zlik fraksiyasi ham bor, ular xristian sivilizatsiyasi tarafdori, islomofob, ksenofob. Bular o‘zini Erkinlik va xalq demokratiyasi deb nomlaydi. Ular siyosiy elita tomonidan shakllantirgan demokratiya emas, xalq istayotgan demokratiya bo‘lsin, deydi. Bu saylovlar G‘arb sivilizatsiyasida tiktonik o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rsatadi.

O‘ta o‘ng partiyalarning saylovda yetakchi davlatlar Germaniya va Fransiyada muvaffaqiyatga erishish sabablari va omillari nimada?

Kamoliddin Rabbimov: — Asosan 3 ta sabab bor:

YeIdagi pandemiyadan keyingi ijtimoiy, iqtisodiy holat. YeIda iqtisodiy o‘sish pasaygan, iqtisodiy lider bo‘lgan Germaniyada ham inqiroz. Bu lekin nisbiy tushuncha, chunki ularda YaIM jon boshiga 50-70 dollargacha, shu miqdordan pasayishni iqtisodiy inqiroz deb biladi;

Migratsiya va immigratsiya, bu YeIda eng ko‘p muhokmma qilinadigan, ijtimoiy kayfiyatga ta’sir qiladigan omil;

Keyingisi Ukraina urushi. Bu ijtimoiy, siyosiy kayfiyatga ta’sir qildi, lekin hal qiluvchi masala bo‘lgani yo‘q. To‘q va farovon davlatlarda asosan ichki vaziyatga qarab ovoz berishadi. Urushga ham qaraladi, lekin Ukraina Sharqiy Yevropada, G‘arbiy Yevropada emas.

Ultra o‘nglar qanday g‘oyalarni ilgari surdi?

Jahongir Akramov: — Ular oldingi saylovlardagi yutqazishlari sabablariga to‘g‘ri baho berib, so‘l g‘oyalardan ham foydalanishdi. Birinchi o‘rinda realizm konsepsiyasini himoya qilishdi, ya’ni milliy davlat g‘oyasi, bu ham o‘zlik g‘oyasi degani. Migratsiya muammosi sabab o‘zlik masalasi yuqori o‘ringa chiqyapti. Ikkinchidan, Ukraina urushi fonida iqtisodiy muammolar kelib chiqdi, Rossiya gaz yetkazib berishi birdan uzilgani iqtisodga ta’sir qildi. Bundan tashqari, Yashillar partiyasi kuchsizlanishi sabab o‘nglar kuchayib ketdi. 10-15 yil oldin buni tasavvur qilib bo‘lmasdi. Iqtisodiy qiyinchiliklar Yashillar partiyasini kuchsizlantirib yubordi.

2014-2015 yillardagi migratsiya inqirozi ta’siri hali ham bor. Partiya yetakchilari ham yaxshi ishlayapti. Fransiyada asosiy g‘alabaga erishildi, oldin neofashistik qarashlari bor deyilardi ultra o‘nglarni. Endi partiya yetakchisi ketib, o‘rniga yosh nomzod qo‘yildi, bu bilan partiya tafakkuri o‘zgardi degan narsa bo‘lyapti, yoshlarni ham jalb qilishdi shu orqali.

Ultra o‘nglar bergan va’dalarni amalga oshirishi qanchalik haqiqatga yaqin, agar bajara olishmasa, tarafdorlari kamayadimi?

Kamoliddin Rabbimov: — Demokratiya o‘yin qoidasi bor, xalq ultra o‘nglarni, ksenofob, islomofoblarni saylash bilan demokratiyani inkor qilmaydi. G‘arbda ultra o‘nglarni haddan tashqari bo‘rttirib ko‘rsatib, ulardan qo‘rqitishdan to‘yingan, xalq ularning tanqidini qabul qilmay qo‘ydi. Globallashgan dunyoda farovon Yevropada yopilishga nisbatan ehtiyoj oshib boryapti.

G‘arbiy Yevropada iqtisodiy o‘sish sekinlashgan. YeIga kirishdan oldin Fransiyaning YaIM 17 foiz edi, hozir 12-13 foizga tushdi. Marin Le Pen Trampga o‘xshab izolyatsionizmni taklif qilyapti, ya’ni migrantlarga chegarani yopish, ish o‘rinlarini fransuzlarga berish, iqtisodiy sanoatlashtirishni qayta yo‘lga qo‘yaylik deyapti. Bu narsa fransuz xalqqa yoqadi. Marin Le Pen YeIdan to‘liq chiqishni taklif qilmaydi, lekin YeI va uning institutlari ta’sirini pasaytirishni taklif qiladi. Inqirozlar ultra tafakkurida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelyapti va ular hokimiyatga kelish uchun jiddiy qadamlar tashladi. Fransiya va Germaniyada siyosiy inqiroz boshlandi. Yevroparlament saylov natijalaridan keyin Shols va Makron zaiflashdi. Makron quyi palatani tarqatib yuborib, saylov e’lon qildi. Katta ehtimol bilan ultra o‘nglar Fransiya parlamentida ham yuqori o‘rinlarni egallashi mumkin. Agar ular ko‘proq o‘rin olsa, ularning yetakchisi bosh vazir bo‘ladi. Makron buni ongli ravishda qildi. Agar ultra o‘nglar ko‘proq o‘rin egallasa, o‘zimga iste’fo beraman degan mish-mishlar tarqatyapti. Bu bilan jamiyatni, siyosiy elitani qo‘rqitmoqchi, lekin bu ishlashi qiyin. Makronga nisbatan tanqid kuchli, u hokimiyatga kelganda 2 yil namoyish bo‘lgandi. Fransiyada siyosiy maydon ultra o‘nglar va ultra so‘llarga bo‘linib boryapti, o‘rtadagi o‘nglar va so‘llar ancha zaiflashib qoldi. Xalq ikki qutbga ajralib boryapti.

Jahongir Akramov: — Makronning parlamentni tarqatib saylov belgilagani to‘g‘ri qaror deyish ham mumkin. Yevroparlament boshqa, ichki parlament boshqa. Yevroparlament 7 yillik budjetni tasdiqlashi mumkin, lekin yillik budjetlar ichki parlament tasarrufida. Yevroparlamentga bunday ovoz berish Fransiya xalqining Makronga bosim o‘tkazish, o‘zlariga e’tiborni qaratish uchun bo‘lgan, degan fikr ham bor. Lekin milliy saylovlarga pragmatik yondashiladi, shu sabab populistlarga emas, aniq takliflar, rejalar beradigan partiyalarga ovoz berishi mumkin, shunday narsa taqdim etib, o‘z hokimiyatini mustahkamlamoqchi Makron. Makron muddati tugagach, u oxirgi markazchi, gollizm tarafdori bo‘lgan prezident bo‘lib qolmasligi uchun hozir siyosiy bosimni kamaytirib olmoqchi.

Yevroparlamentdagi yangi tarkib qanday shakllandi?

Kamoliddin Rabbimov: — 5 yil davomida ultra o‘nglar parlamentda bo‘ladi, ularni hech kim inkor etmaydi, xalq irodasi bu. Lekin qonun chiqarishda asosiy rol o‘ynashmaydi, chunki markaziy o‘nglar va so‘llar ko‘proq. Lekin asosiy tendensiya shundayki, saylovdan saylovga ultra o‘nglar ulushi o‘sib boryapti. 2040-50 yillarda Yevroparlamentda asosan ultra o‘nglar bo‘lishi ehtimoli kuchli.

Yevroparlamentda ittifoq davlatlari uchun qonunchilik andozalari belgilab beriladi. Mahalliy parlamentlar shu andozadan chiqib ketmasligi kerak. Masalan, Shvetsariyada minoralar qurib unda azon aytish taqiqlangan, agar YeI azosi bo‘lganda bunday qonun chiqara olmasdi, chunki bu ksenofobiya. Yevroparlamentning vakolati katta shu ma’noda.

Qolaversa, Yevroparlament YeIning siyosiy o‘chog‘i. U yerda Yevrokomissiyada, Yevropa kengashida, mamlakatlarda bo‘layotgan voqeliklarga munosabat bildirish, siyosat ishlab chiqish vakolati bo‘ladi.

YeIning tashqi siyosatidagi asosiy yo‘nalishlarini endi qaysi partiyalar belgilaydi?

Kamoliddin Rabbimov: — Ursula Fon Der Lyayyen partiyasi markazga yaqin o‘nglar, ksenofob emas, mo‘’tadil konservatorlar, YeIning asosiy mafkurachisi sifatida turadi. YeI sivilizatsiyasi markazida markaziy o‘nglar va markaziy so‘llar turadi. AQShda ham Respublikachilar o‘nglar, Demokratlar so‘llar. Lekin YeIda 4-5 partiyali tizim ishlaydi shartli tarzda.

Ursula Fon Der Lyayyen partiyasining Fransiyadagi Sarkozi partiyasi bilan platformasi bitta. Shols so‘llardan, u migratsiya, immigratsiya tarafdori, islomofobiya, ksenofobiyaga qarshi. Makron esa o‘zini markazchi deb ataydi, an’anaviy klassik o‘ng ham, so‘l ham emasdi. Lekin amaliyotda markaziy o‘ng edi, kapitalistlarga yordam berdi, soliqlarni pasaytirdi. Shu sabab ijtimoiy himoya, sotsializm tarafdori bo‘lgan fransuzlar unga qarshi, Makronga bo‘lgan tanqid kuchli Fransiya ichida. Ishlab chiqaruvchilar, kapitalistlar Makronni yaxshi ko‘radi. Lekin ijtimoiy himoya tarafdorlari yomon ko‘radi. Makron ichki-tashqi siyosatda o‘zining tarafdorlarini ishontirolmadi, shu sabab mavqei pasayib bormoqda.

Saylov natijalari Rossiya va Ukraina urushiga sezilarli ta’sir etadimi?

Jahongir Akramov: — Yevroparlamentda Ukraina suverentiteti YeI xavfsizligi degan qarori bor. Ukrainani qo‘llash masalasi hal qilib bo‘lingan. Agar mahalliy parlamentlarda ham ultra o‘nglar fraksiyalari ko‘paysa, shunda ta’sir qiladi bu yordamga. NATO ham 100 mlrd dollarlik yordamni tasdiqlata olmadi. Ultra o‘nglar Yevroparlamentda va mahalliy parlamentlarda bo‘lsa, uoarning birligi orqali yordamning miqdoriga ta’sir qiladi.

Lekin bu yerda ultra o‘nglarning yagona fraksiyaga birlashishi masalasi bor. Fransiyadagi ultra o‘nglar bilan Germaniyadagi ultra o‘nglar bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib ham qoladi. O‘nglar va so‘llarning birlashish ehtimoli katta, lekin ultra o‘nglarning doimiy bitta ittifoqda bo‘lishi ehtimoli kamroq. Bu narsa markaziy o‘nglar va so‘llarga imkon beradi ularning qarshiligini yengishda.

Kamoliddin Rabbimov: — Oddiy tushuntirsa bo‘ladi buni. Fransiya millatchilari va Germaniya millatchilari o‘zlarining mafkurasiga ko‘ra, boshqa millatchilar bilan birlashishi mumkin. Lekin sotsialistlar, so‘llar tenglik, hamkorlik tarafdori bo‘lgani uchun birlasha olishadi.

Ultra o‘nglar g‘olib bo‘lgani Ukraina urushiga katta ta’sir qilmaydi, deyish mumkinmi shunda?

Kamoliddin Rabbimov: — Har bir davlatda alohida holat bu bo‘yicha. Masalan, Italiya bosh vaziri ultra o‘ng, lekin u Ukraina tarafdori. Polshada ham ultra o‘nglar Rossiyani tanqid qilib, Ukrainani tanqid qiladi. Har bir davlatdagi ultra o‘nglarning o‘z tafakkuri bor. Shu sabab hamma ultra o‘nglar Putinni oqlaydi, deyish noto‘g‘ri.

Jahongir Akramov: — Zelenskiy Berlinda parlamentda chiqish qilganida Germaniya uchun muqobil partiyasi vakillari zalni tark etgandi. Bu ish bilan o‘zlariga bo‘lgan ishonchni ko‘rsatishdi. Yevroparlamentga saylovdan keyin bu partiya Ukrainani tanqid qilib, tezroq tinchlikka erishish haqida gapirishi mumkin.

Markazchilar bilan Ukraina borasida qarashlari bir xil bo‘lsa, nega Zelenskiy zalga kirganda norozilik bildirib chiqib ketishdi?

Jahongir Akramov: — Germaniya uchun muqobil partiyasining elektorati ko‘proq Sharqiy Germaniyada shakllangan. U yerdagi katta avlodda Rossiyaga nisbatan yaqinlik bor, rus migrantlari ham ko‘p u yerda.

O‘tgan yili Rossiyaga yaqin bo‘lgan Medvedchuk fondi orqali bir nechta deputat moliyalashtirilgani haqida ma’lumotlar chiqqandi, qamoqqa ham olingandi. Lekin shunda ham ko‘p ovoz olishgani ularning o‘ziga ishonchini orttiradi. Bundan tashqari, Germaniyada ijtimoiy psixologik muammolar hal qilinmagan Germaniya birlashgandan keyin. GDRning ijtimoiy, psixologik tomondan tirik ekanini ko‘rsatadi bu.

Germaniya uchun muqobil partiyasining bu harakatlari asosan ortiqcha xarajat bo‘lyapti, o‘zimizga bo‘lsin, degan fikrni ifodalaydi. Lekin ularning kuchsiz tarafi shuki, ular YeIda ittifoqchilarga ega bo‘lishi ehtimoli kam, chunki millatchi partiya boshqa bir millatchi bilan kelisha olmaydi, shu sabab birlasha olmaydi. Ultra o‘nglarning birlasha olmasligi Ukraina manfaatlariga xizmat qiladi.

Kamoliddin Rabbimov: — Yevroparlamentda ultra o‘nglar tashabbuslarni blok qiluvchi ovozlarga ega emas hozircha. Agar parlamentning 33 foizini egallashganda blok qiluvchi kamchilik maqomiga ega bo‘lishgan bo‘lardi. Lekin ultra o‘nglarning geosiyosiy konsepsiyasi, tafakkuri bor. Ular YeI o‘rniga mustaqil milliy davlatlar hamkorligi tuzish, Rossiya bilan do‘stlik, AQShning Yevropa ishlariga aralashuvini cheklash kabi konsepsiyalari bor. Ular G‘arbiy Yevropa mintaqasining geosiyosiy tafakkurini qayta ko‘rib chiqishni taklif qiladi. Rossiya bizga dushman emas, NATO eskilik sarqiti, YeI ishlamaydigan tuzilma, biz milliy o‘zlik qadriyatlariga ko‘proq urg‘u berishimiz kerak, deydi ular.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid