Rossiya prokuraturasi reper Alisher Morgenshternga qarshi ish ochishni talab qildi
Rossiyani tark etgan reper, Moskva prokuraturasiga ko‘ra, «chet el agentlari» uchun qo‘yilgan talablarni buzgani uchun bir yilda ikki marta jarimaga tortilgan. Endilikda mahkama Morgenshternga nisbatan jinoiy ish ochishni talab qildi.
Moskva shahar prokuraturasi reper Alisher Morgenshternga nisbatan e’lon qilgan ma’lumotlari va xabarlarini «chet el agenti» deb belgilamagani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atish tashabbusi bilan chiqdi. Mahkama bu haqda 24 iyun, dushanba kuni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Morgenshtern bir yil davomida ikki marta «chet el agenti» faoliyati uchun belgilangan tartibni buzganlik moddasi bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilgan, ammo u ijtimoiy tarmoqlarda materiallarni kerakli belgilarsiz e’lon qilishda davom etgan.
«Prokuror tekshiruvi materiallari Alisher Morgenshternni Rossiya Jinoyat kodeksining 330.1-moddasi 2-qismi (Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida chet el agentlari bo‘yicha nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlash) bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish masalasini hal qilish uchun tergov organiga yuborildi», - deyiladi prokuratura bayonotida.
Musiqachiga qarshi qo‘yilgan jinoiy modda ikki yilgacha qamoq jazosini o‘z ichiga oladi, deb yozadi «Mediazona». Nashrning eslatishicha, Adliya vazirligiga hisobot taqdim etish rad etilgani va Telegram-kanalda «chet el agentlari» uchun zarur belgi yo‘qligi sababli 2024 yil bahorida «chet el agenti» bayonnomalari bo‘yicha ikkita jarima qo‘llangan. Agar «chet el agentlari» reyestriga kiritilgan shaxs bir yilda ikki marta xuddi shunday ma’muriy modda bilan jarimaga tortilgan bo‘lsa, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin.
Morgenshtern 2022 yil may oyida jismoniy shaxslar - «chet el agentlari» reyestriga kiritilgan. U 2021 yilning noyabridan buyon xorijda yashaydi.
Mavzuga oid
22:10 / 16.11.2024
Abxaziyada to‘polon: mahalliy aholi Rossiya bilan kelishuvdan norozi
20:17 / 16.11.2024
Sanksiyalar Rossiyaning yirik gaz loyihasini cho‘ktirib yubormoqda - OAV
18:18 / 16.11.2024
Rossiyada migrantlarni nazorat etadigan «Migrant ID» joriy qilinishi mumkin
13:46 / 16.11.2024