Jahon | 11:55 / 15.07.2024
3111
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Ukraina hamkorlariga yordam uchun minnatdorchilik bildirdi

Ukraina prezidenti AQShga safari yakunlarini sarhisob qildi. U Kiyevga yordam bergani uchun sheriklariga minnatdorchilik bildirdi va yangi qo‘llab-quvvatlash choralari haqida e’lon qildi.

Foto: AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShga tashrifi natijalariga ko‘ra Kiyevga yangi yordam ajratilishini kutayotganini aytdi. Xususan, u 14 iyul, yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilingan murojaatida «yangi Patriot tizimlari va boshqa o‘nlab havo mudofaa tizimlari bo‘yicha qarorlar qabul qilinmoqda», deb ta’kidladi.

Zelenskiy Kiyevga Rossiya tajovuzini qaytarishda yordam berishda davom etayotgan davlatlarga minnatdorchilik bildirdi va Ukrainaning Polsha, Lyuksemburg va Ruminiya bilan imzolagan yangi xavfsizlik kelishuvlarini eslatdi. Bundan tashqari, u Chexiya, Sloveniya va Irlandiya bilan yangi shunga o‘xshash kelishuvlar haqida e’lon qildi. 

Ukraina davlati rahbari Vashingtonda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida imzolangan Ukraina bo‘yicha shartnomani ham ijobiy baholadi. «Hammasi askarlarimizni qurollantirish, Ukrainada va u bilan birga mudofaa kompaniyalari ishlashi va tiklanishimizni qo‘llab-quvvatlash haqida», dedi u. 

Nihoyat, Zelenskiy AQShga tashrifi chog‘ida mahalliy gubernatorlar bilan uchrashganini va shu bois endi mahalliy hokimiyatlar darajasida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Ukraina mintaqalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishini aytdi. «Sog‘liqni saqlash, boshpana, mudofaa sanoati va boshqalar. Qo‘shma Shtatlar barcha darajalarda yordam berishga tayyor», — deya xulosa qildi Zelenskiy. 

Ukraina prezidenti Donald Trampga suiqasdga yana bir bor izoh berdi. U buni «faqat qoralash mumkin bo‘lgan dahshatli jinoyat» deb atadi va bu «demokratiyaga global tahdidlar qanchalik jiddiy ekanini» ko‘rsatadi, dedi. «Har qanday shaklda va har qanday joyda zo‘ravonlik hech qachon g‘alaba qozonmasligi kerak. Ishonchim komilki, Amerika bu sinovdan o‘tadi. Janob Trampga tezroq tuzalib ketishini tilayman. Bundan jabrlangan barchaga kuch tilayman. Barcha yovuz niyatlar barbod bo‘lsin», - deydi Zelenskiy. 

Ukraina bo‘yicha yangi shartnoma 

11 iyul kuni 24 davlat, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Ukraina bo‘yicha kelishuv tuzilganini e’lon qildi. Yevropa komissiyasi veb-saytida tushuntirilganidek, uning maqsadi Ukraina keng qamrovli xavfsizlik ehtiyojlarini qondirish uchun jamoaviy sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va tezlashtirishdir. 

«Ushbu shartnoma bilan biz Ukraina o‘z erkinligi, mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini bugun muvaffaqiyatli himoya qilish va kelajakda tajovuzkorlik harakatlari oldini olishini ta’minlash bo‘yicha doimiy niyat hamda majburiyatlarimizni e’lon qilamiz», - deya ta’kidladi kelishuvni imzolagan davlatlar, jumladan Germaniya, Fransiya va Ispaniya hamda boshqa qator Yevropa Ittifoqi davlatlari, shuningdek, Yaponiya, Kanada va AQSh. 

Shartnomani imzolagan davlatlar, shu qatorda, Rossiyaning Ukrainaga yangi hujumi sodir bo‘lgan taqdirda, Kiyevni o‘zini himoya qilish huquqini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlash choralarini aniqlash uchun «yuqori darajada» zudlik bilan yig‘ilish o‘tkazish majburiyatini oldi. Bularga «tezkor va barqaror xavfsizlik yordamini ko‘rsatish», shuningdek, «Rossiyaga iqtisodiy va boshqa xarajatlarni yuklash» kiradi. 

Mavzuga oid