Jahon | 21:18 / 20.07.2024
34284
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda qamoqda 43 yil nohaq o‘tirgan ayol ozodlikka chiqdi

21 yoshida qotillikda aybdor deb topilgan va umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan ayol aybsiz deb topildi.

Foto: HG Biggs/The Kansas City Star via AP

AQSh Missuri shtatida 64 yoshli Sandra Hemme qilmagan jinoyati uchun 43 yil qamoqda o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi. Bu haqda AP xabar berdi.

Hemme 1980 yilda mahalliy kutubxonachini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Yagona dalil ayolning chin dildan iqror so‘zlari edi. Ular Hemme psixiatriya shifoxonasida trankvilizatorlar ta’sirida bo‘lganida olingan va asosan tergovchilarning savollariga bir bo‘g‘inli javoblardan iborat edi.

Sud ishni ko‘rib chiqish chog‘ida bunday iqrorlikni dalil deb hisoblash mumkin emasligini aniqladi. Sud, shuningdek, tergov boshqa gumonlanuvchiga ishora qiluvchi dalillarni e’tiborsiz qoldirganini ta’kidladi. Jumladan, jinoyat sodir etilgan kuni o‘ldirilgan ayolning uyi yaqinida politsiyachining mashinasi bo‘lgani aniqlangan, keyinchalik uning uyidan ayolning sirg‘alari topilgan. U 2015 yilda vafot etgan.

Hemmeni ozod qilish qarori iyun oyida qabul qilindi, biroq shtat prokurori bunga qarshi chiqqan edi. U ozod qilish qaroriga birinchi navbatda apellyatsiya sudida, keyin esa shtat oliy sudida e’tiroz bildirdi (ikkala murojaat ham rad etildi), shuningdek, nazoratchiga shaxsan qo‘ng‘iroq qildi va Hemmeni ozod qilishni taqiqladi. Prokuror sudga hurmatsizlik qilgani uchun javobgarlikka tortilishi bilan tahdid qilingandan keyingina ayol qo‘yib yuborildi.

Hemmening ishi Qo‘shma Shtatlardagi ayol uchun eng uzoq muddat nohaq qamoq jazosi bo‘yicha rekord o‘rnatdi.

Avvalroq, Glin Simmons jinoyat uchun eng ko‘p qamoq jazosini o‘tagan, keyinchalik bu jinoyat isbotlanmagan deb topilgan. U 1975 yilda sudlangan va 2023 yilda 48 yilu bir oy 18 kun qamoqda o‘tirib, oqlangan edi.

Mavzuga oid