Samarqandda ibodatxona va devoriy suratlar topildi
Samarqand arxeologiya instituti xodimlari Urgutdagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligidan VII-VIII asrlarga oid ibodatxona o‘rni va devoriy suratlarni topdi. Hozirda qazuv ishlari davom etmoqda.
Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Jo‘rabtepa mahallasida joylashgan Qo‘rg‘ontepa yodgorligida ilk o‘rta asrlarga oid bo‘lgan ibodatxona o‘rni topildi.
Samarqand arxeologiya instituti xabariga ko‘ra, xodimlar mazkur hududda 2022 yildan buyon arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda. Topilgan ibodatxona tarhi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda bo‘lib, devorlarning saqlanib qolgan balandligi 3 metr. Xonaga 5 ta eshik orqali kirish mumkin. Uning to‘rida taxt-supa, to‘rt tomonida ustun o‘rinlari joylashgan.
Xona devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan bo‘lib, saqlanib qolingan tasvirlar orasida yuzi ovalsimon, quloq va qo‘llari esa zeb-u ziynatlarga boy bo‘lgan ma’budaning tasviri mavjud. Uning boshida qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklda bo‘lgan toj tasviri aks ettirilgan.
Surat parchalari orasida bunday toj va personaj tasvirlarining turli parchalari aniqlanmoqda. Shuningdek, devorlarda tokchalar ham mavjud bo‘lib, ulardan birining ichida loydan yasalgan haykalning qo‘l hamda oyoq qismlari topilgan.
Arxeologlarning aytishicha, ibodatxona VII-VIII asrlarda faoliyat yuritgan, ammo 712 yilda Qutayba ibn Muslimning Samarqandga qilgan yurishlari natijasida yoqib yuborilgan bo‘lishi mumkin.
Hozirda ushbu joyda arxeologik qazuv tadqiqotlari, devoriy suratlarni saqlash, ulardan nusxa ko‘chirish va yechib olish jarayonlari davom etmoqda. Kelgusida yodgorlikni yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda fanlararo usullarini qo‘llagan holda tadqiq etish rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024