Jahon | 07:32 / 03.08.2024
2085
3 daqiqa o‘qiladi

Harris saylovda qatnashish uchun yetarli ovoz yig‘di

«Men Demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lishdan faxrlanaman», dedi Kamala Harris. Delegatlar uchun virtual ovoz berish 5 avgust kuni kechqurun yopiladi.

Foto: IMAGO/NurPhoto

AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Demokratik partiya delegatlari o‘rtasida onlayn ovoz berish jarayonida shu yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida partiya nomzodi sifatida rasman ko‘rsatilishi uchun yetarlicha qo‘llab-quvvatlandi. Bu haqda 2 avgust, juma kuni kechqurun Demokratlar milliy qo‘mitasi raisi Jyeymi Xarrison ma’lum qildi va natijalar hali rasmiy emasligini ta’kidladi.

AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden bu voqealar rivojini olqishladi. «Men qabul qilgan eng yaxshi qarorlardan biri Kamala Harrisni vitse-prezident etib tanlaganim bo‘ldi. U endi bizning partiyamiz nomzodi bo‘ladi va men bundan faxrlanaman», deb yozdi u Facebook’da.

Demokratik partiya delegatlari qabul qilgan elektron saylov byulletenlariga faqat Kamala Harrisning ismi kiritilgan. Rasmiy ravishda prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilishi uchun uni kamida 1976 delegat qo‘llab-quvvatlashi kerak edi. Virtual ovoz berish 5 avgust kuni kechqurun tugaydi.

Demokratik partiya qurultoyi 19-22 avgust kunlari Chikagoda bo‘lib o‘tadi. Biroq, Kamala Harris nomzodi oldindan rasman tasdiqlangani tufayli u yerda ovoz berish shunchaki rasmiyatchilik bo‘ladi. 

Kamala Harris - prezidentlik saylovida qatnashishi haqida

«Men Demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lishdan faxrlanaman», dedi Kamala Harris virtual ovoz berish paytida. «Virtual ovoz berish muddati tugashi bilan keyingi hafta men nomzodimni rasman qabul qilaman», deya qo‘shimcha qildi u. 

21 iyul kuni Jo Bayden, jumladan, partiyadoshlari tomonidan tanqidlar kuchayib borayotgan bir paytda, prezidentlik poygasini tark etishini e’lon qildi. Uning aniqlik kiritishicha, vakolat muddati tugagunga qadar davlat rahbari sifatida ishlashda davom etadi va Demokratik partiyadan Kamala Harrisni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatadi.

CNN ta’kidlaganidek, 59 yoshli Harris prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod sifatida qatnashadigan birinchi qora tanli ayol va kelib chiqishi osiyolik bo‘lgan birinchi amerikalik bo‘ladi.

AQShda prezidentlik saylovlari 2024 yil 5 noyabrda bo‘lib o‘tadi. AQSh Respublikachilar partiyasidan nomzod sobiq davlat rahbari Donald Tramp bo‘ladi.

Mavzuga oid