Iqtisodiyot | 11:36 / 04.08.2024
7892
6 daqiqa o‘qiladi

Bitcoin va dollar arzonlashdi, oltin qimmatlashdi – xalqaro moliya bozori sharhi

Dollar indeksi qulashi fonida yevro, yuan, so‘m va rubl mustahkamlandi. Xalqaro geosiyosiy keskinlikning kuchayishi ortidan bir qator qimmatbaho metallarning narxi oshdi. Xususan, oltin hafta davomida 2,3 foizga, yil boshidan beri esa 18,4 foizga qimmatlashdi.

Foto: Shutterstock

Joriy hafta ham bozorlar uchun muhim voqealarga boy bo‘ldi. Federal zaxira tizimining (FZT) foiz stavkasi o‘zgarishsiz saqlab qolindi. Shunday bo‘lsa-da, FZT raisi Jyerom Povel sentabr oyida stavkani pasaytirish masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Juma kuni e’lon qilingan ishsizlik darajasi bozor ishtirokchilarining sentabrda stavka pasaytirilishi haqidagi umidlarini kuchaytirdi. Chunki statistik ma’lumotlarga ko‘ra iyul oyida ishsizlar soni avvalgi oy va prognozga nisbatan 0,2 foiz oshib, 4,3 foizni tashkil etgan. Fond bozori uchun ajoyib hisoblangan bu ma’lumot aslida uning o‘sishiga olib kelishi kerak edi. Biroq yomon korporativ yangiliklar, masalan Amazon savdo daromadining kamayishi va geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, aksiyalar sotuvini keltirib chiqarib, indekslarni pastga qulatdi.

Jahon Insighs kanali ekspertlari 29 iyuldan 2 avgustgacha bo‘lgan davrda xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.       

AQSh top fond bozorlari indeksi:

·       S&P500 – 5346 (hafta boshidan -2,06 foiz, yil boshidan +12,09 foiz);

·       NASDAQ – 18440 (hafta boshidan -3,06 foiz, yil boshidan +9,6 foiz);

·       DJI – 39737 (hafta boshidan -2,1 foiz, yil boshidan +5,43

foiz).

Hafta savdolarida Dow Jones indeksi 852 punktga, NASDAQ va  S&P500 esa mos ravishda 583 va 113 punkt pastlab, qizil hududda yopildi.

Asosiy qimmatbaho metallar:

·       Oltin – 2441 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan +2,26 foiz, yil boshidan +18,41 foiz;

·       Kumush – 28,5 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan +2,29 foiz, yil boshidan +20,29 foiz;

·       Alyuminiy – 2324 dollar (1 tonnasi) hafta boshidan -0,81 foiz, yil boshidan -6,30 foiz:

·       Mis – 4,15 dollar (1 funti) hafta boshidan +0,52 foiz, yil boshidan +6,48 foiz.

Qimmatbaho metallar ham geosiyosiy va monetar siyosat bo‘yicha ko‘rsatmalar fonida qimmatlashdi. Hafta davomida oltin, kumush, va mis mos ravishda 54,03 dollar, 0,64 dollar va 0,02 dollarga ko‘tarildi. Alyuminiy esa 18,2 dollarga pasaydi.

Neft

·       WTI – 74,11 dollar (hafta boshidan -3,01 foiz, yil boshidan +3,94 foiz);

·       BRENT – 77,38 dollar (hafta boshidan -2,8 foiz, yil boshidan +0,44 foiz).

Hafta davomida neftning WTI markasi 2,3 dollarga, BRENT esa 2,23 dollarga arzonlashdi.

Valutalar

·       USD/EUR:  +0,5 foiz (yil boshidan -1,16 foiz);

·       CNY/USD:   -1,24 foiz (yil boshidan +0,88 foiz);

·       TRY/USD:  +0,8 foiz (yil boshidan +12,54 foiz);

·       UZS/USD:   -0,28 foiz (yil boshidan +2,11 foiz);

·       RUB/USD:  -0,65 foiz (yil boshidan -4,29 foiz).

Dollar indeksi qulashi fonida yevro, yuan, so‘m va rubl mos ravishda 0,5 foiz, 1,24 foiz, 0,28 foiz va 0,65 foizga mustahkamlandi, biroq lira 0,8 foizga qadrsizlandi.

Kriptovaluta

·       Bitcoin – 61786 dollar (hafta boshidan +9,37 foiz, yil boshidan +45,69 foiz); 

·       Ethereum – 2987 dollar (hafta boshidan -8,73 foiz, yil boshidan +30,86 foiz).  

Bitcoin 5 kunlik savdolarda 9,37 foizga, Ethereum esa 8,73 foizga pasaydi. 

Bozorlar haqida qisqacha

Qattiqlashtirilgan monetar siyosat FZTga pandemiya tufayli 9 foizgacha ko‘tarilib ketgan inflatsiya ko‘rsatkichini jilovlab, hozirgi kunda uni 3 foizgacha pasaytirish imkonini berdi. Amalga oshirilgan tadbirlar AQSh fuqarolarining turmush tarzini muvozanatga keltirish uchun qilingan bo‘lsa-da, iqtisodiyot uchun yetarlicha salbiy ta’sirlarga ham ega. Qattiq monetar siyosati, foiz stavkasini oshirish yo‘li bilan olib borilgan holatda, markaziy bank tomonidan qarz berish shartlarini kuchaytirib, yuridik va jismoniy shaxslar uchun qarzni qimmat qilib qo‘yadi. Bu iqtisodiy faollikni sekinlashtiradi, oqibatida, kompaniyalarning kengayishi va iste’molchilarning xaridlarni bemalol amalga oshirishi cheklanishi mumkin. Bu yondashuvning mehnat bozoriga salbiy ta’siri kuchli bo‘lib, ko‘p hollarda va xususan, hozirda ham ishsizlik darajasini oshiradi. So‘nggi oylarda o‘sish tendensiyasiga kirgan ishsizlik darajasi, inflatsiya kabi, mamlakat uchun eng dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi. Hozirgi holatga e’tibor qaratsak, inflatsiya muammosi hali to‘liq bartaraf etilmagan va ko‘plab tashqi risklar mavjud, biroq eng cho‘qqisida uzoq vaqtdan beri ushlab turilgan foiz stavkalarining iqtisodiyotga bo‘lgan salbiy ta’siri kuchayib bormoqda va buni makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham ko‘rish mumkin.

Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 29 iyuldan 2 avgustgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.

Mavzuga oid