Iqtisodiyot | 21:09 / 04.10.2024
1885
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning davlat qarzi ilk bor 35 trln dollardan oshdi

O‘sib borayotgan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish ta’lim, tadqiqot va infratuzilma kabi sohalarda AQSh iqtisodiy o‘sishini ta’minlovchi muhim davlat investitsiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Foto: Bloomberg

AQSh Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning davlat qarzi 35,677 milliard dollardan oshdi, deb xabar beradi Fox Business.

«Iqtisodchilar Kongress va Oq uy tomonidan sarf-xarajatlar keskin sur’atlarda oshib ketayotgani haqida ogohlantirayotgan bir paytda, federal qarz darajasining prognozi ijobiy emas», — deyiladi xabarda.

Kongressning Budjet boshqarmasi ma’lumotlarida qayd etilishicha, kelgusi o‘n yil ichida davlat qarzi 54 trillion dollargacha ko‘tariladi — bu aholining qarishi va federal sog‘liqni saqlash xarajatlarining qisqarishi natijasidir.

Ekspertlarning fikricha, mazkur prognozlar amalga oshsa, Amerikaning iqtisodiyoti xavf ostida qoladi. «Har yili oladigan daromadingizdan trillionlab dollar ortiqcha mablag‘ sarflab, biror salbiy oqibatni kutmaslik mumkin emas», — deydi Florida Markaziy universiteti iqtisodchisi Shon Snayt.

Boshqa bir xavotirli signal bu oxirgi 1,5 yil ichida foiz stavkalarining keskin oshishi bo‘lib, davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining oshishiga olib keldi. To‘lovlar qariyb uch barobarga oshadi — 2022 moliyaviy yilda 475 milliard dollardan tashkil etgan bo‘lsa 2032 yilga borib 1,4 trillion dollargacha chiqadi. Bundan tashqari, 2053 yilda foizli to‘lovlar 5,4 trillion dollargacha oshadi. Taqqoslash uchun, AQShning «Medicare», «Medicaid» ijtimoiy ta’minot va boshqa majburiy to‘lovlari uchun ketadigan xarajatlardan oshib ketadi.

Ekspertlarning baholashicha, o‘sib borayotgan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish ta’lim, tadqiqot va infratuzilma kabi sohalarda AQSh iqtisodiy o‘sishini ta’minlovchi muhim davlat investitsiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Pew tadqiqot markazi tomonidan 2023 yilda e’lon qilingan so‘rovlarda amerikaliklarning 57 foizi prezident va Kongressning asosiy ustuvor vazifasi budjet defitsitini qisqartirish bo‘lishi kerakligini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid