O‘zbekiston | 10:06
2654
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Sherzodjon Polvonov Farg‘ona viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi. U bunga qadar Mahallalar uyushmasida boshqarma boshlig‘i vazifasida ishlagan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Sherzodjon Fazlitdinovich Polvonov Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlandi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.

Sherzodjon Polvonov 1987 yilda Rishton tumanida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika instituti hamda Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi (magistratura)ni tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2009 yilda Farg‘ona viloyati hokimligi huzuridagi kommunal xizmat ko‘rsatish departamenti bosh mutaxassisi sifatida boshlagan.

U hokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi. Polvonov bunga qadar Mahallalar uyushmasining Mahallalar obodligini ta’minlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan.

Faoliyati davomida viloyat hokimligi yetakchi mutaxassisi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Farg‘ona shahri hamda viloyati kengashlari raisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi bo‘lim mudiri, Farg‘ona shahri hokimining o‘rinbosari, O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsulxonasi xodimi, 2020–2024 yillarda Tashqi mehnat migratsiya agentligining Novosibirsk shahridagi vakolatxonasi rahbari bo‘lgan.

Bungacha, 2024 yil martidan buyon Sherzod Rahimov Farg‘ona viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgandi, u o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan.

Mavzuga oid