«Hizbulloh» droni Isroil bazasiga hujum qildi, to‘rt askar halok bo‘lgan
Hujum oqibatida yana 60 ga yaqin kishi jarohatlangan.
13 oktyabr kuni kechqurun Isroil shimolida dron zarbasi oqibatida isroillik to‘rt askar halok bo‘lib, 60 ga yaqin kishi jarohatlangan.
Isroil mudofaa armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Hayfa janubidagi Binyamin-Givat-Ada aholi yashash manzilida joylashgan «Golani» brigadasi harbiy bazasiga hujum oqibatida yana yetti nafar harbiy xizmatchi og‘ir jarohat olgan.
Magen David Adom (MDA) tibbiy xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida jami 58 kishi yaralangan. Shundan 37 nafari tez yordam mashinalari hamda vertolyotlar orqali turli shifoxonalarga olib borilgan.
Hujum uchun javobgarlikni «Hizbulloh» guruhi o‘z zimmasiga olgan. Guruh matbuot xizmati xabariga ko‘ra, zarba Isroilning payshanba kuni Livan janubi va Bayrut shahriga qilgan hujumlariga javoban amalga oshirilgan.
Qayd etilishicha, bazaga «dronlar guruhi» hujum uyushtirgan.
Voqea joyidan olingan kadrlarga ko‘ra, zarba vaqtida harbiy xizmatchilar oshxonada bo‘lishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasvirlarda oshxona tomida katta teshik paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Times of Israel nashri tergovning dastlabki ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, «Hizbulloh» O‘rta yer dengizi tomondan Mirsad rusumli ikkita dron uchirgan.
Isroildagi Alma Research tadqiqot markaziga ko‘ra, ular «120 kilometr radiusdagi nishonlarga zarba bera oluvchi, maksimal tezligi soatiga 370 km, 40 kilogrammgacha portlovchi modda olib yuradigan va 3 kilometrgacha balandlikda ucha oladigan» qurilmalar bo‘lgan.
Nashr xabariga ko‘ra, ikki dron ham Isroil radarlari kuzatuvida bo‘lgan, biri Hayfadan shimolda, sohil hududida urib tushirilgan, ammo ikkinchi dron radarlardan yo‘qolib qolgan va bazaga aynan u zarba bergan. Katta ehtimol bilan, u juda past uchgani tufayli isroillik harbiylar uni ko‘zdan qochirishgan.
Hujum arafasida havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar chalinmagan. TsAHAL buning sababiga oydinlik kiritilishini ma’lum qilgan.
«Hizbulloh» o‘z bayonotida agar Isroil Livan janubidagi amaliyotini davom ettirsa, yangi hujumlar amalga oshirish bilan tahdid qilgan.
«Biz dushmanga va’da beramizki, bugun Hayfa janubida sodir bo‘lgan voqealar, agar xalqimizga qarshi tajovuzni davom ettiradigan bo‘lsa, uni kutayotgan voqealar oldida hech narsa bo‘lmay qoladi», — deyilgan xabarda.
Guruh «hujum salohiyati hamon kattaligi va Isroilning ancha ichkari hududlariga kirib borishga qodirligi»ni qayd etgan.
O‘tgan kun davomida guruh dronlardan tashqari Isroil bo‘ylab jami 115 dan ortiq snaryad uchirgan.
Mavzuga oid
08:56
BMT bosh kotibi Isroilning UNRWA ishini taqiqlash qaroridan chuqur xavotirda
09:20 / 31.10.2024
Iroq o‘z havo hududi Isroil tomonidan buzilgani yuzasidan BMTga shikoyat qildi
21:21 / 30.10.2024
«Hizbulloh»ning yangi rahbari Nasrullohning yo‘lini davom ettirishga va’da berdi
17:04 / 30.10.2024