Jahon | 22:30 / 25.10.2024
11637
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda 17 bolani o‘g‘irlab sotgan ayol o‘lim jazosiga hukm qilindi

Jinoyatlar 20 yillik davrni o‘z ichiga olgan, ayolning jinoiy harakatlari oqibatida 12 oila judolikka uchragan, ba’zilari esa butunlay barbod bo‘lgan.

Foto: CCTV

Xitoyning Guychjou provinsiyasi sudi 17 nafar bolani o‘g‘irlagan Yuy Huainga nisbatan avvalroq sud tomonidan chiqarilgan o‘lim jazosini tasdiqladi. Bu haqda Xitoy Oliy xalq prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi. Ayol 1993 yildan 2003 yilgacha bo‘lgan davrda bolalarni o‘g‘irlab, sotgan.

China Times gazetasining yozishicha, Yuy Huain avval ham bola savdosi uchun sudlangan. 2004 yilda u jinoyat sodir etayotganda hibsga olingan, ammo o‘zini boshqa odam sifatida ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan. Shunda sud uni 8 yilga ozodlikdan mahrum qilgan, ammo 2009 yilda jazo muddati 3 yilga qisqartirilgan edi.

2022 yilda o‘g‘irlab ketgan qizlardan biri unga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Shundan keyin Yuy Huainning butun jinoiy tarmog‘i fosh bo‘lgan.

Qayd qilinishicha, ayolning jinoiy harakatlari oqibatida 12 oila judolikka uchragan, ba’zilari esa butunlay barbod bo‘lgan (ayrim ota-onalar bolasining firog‘ida og‘ir xastalikka uchrab, vafot etgan). Sud shu sababli o‘lim jazosini qo‘llagan.

Ta’kidlanishicha, ayol sudda aybini tan olgan bo‘lsa-da, uning jazosi yengillashtirilmagan.

Mavzuga oid