Jahon | 12:30 / 26.10.2024
2354
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil: «Hizbulloh» harakati juda zaiflashdi

«Hizbulloh»ning qo‘mondonlik tuzilmasi deyarli yo‘q qilindi, dedi Isroil armiyasi Bosh shtab boshlig‘i Halevi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi harbiy harakatlarni to‘xtatish imkoniyati mavjud.

Foto: Bilal Hussein/AP/picture alliance

Isroil armiyasi Livanda quruqlikdagi operatsiya boshlanganidan uch hafta o‘tib, eronparast «Hizbulloh» harakati ancha zaiflashgan degan xulosaga keldi. «Biz «Hizbulloh»ning qo‘mondonlik tuzilmasini butunlay yo‘q qildik, endi janglarni to‘xtatish mumkin», dedi Isroil armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Xersi Halevi 24 oktyabr, payshanba kuni kechqurun.

Sentyabr oyi oxiridan beri Isroil qurolli kuchlari Livandagi «Hizbulloh» obektlariga yerdan va havodan zarbalar bermoqda. Ular bir yildan beri «Hizbulloh»ning G‘azo sektoridagi Falastinning Hamas harakati jangchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Isroil hududiga tinimsiz raketa hujumlari uyushtirayotganiga munosabat bildirmoqda.

Isroilning Livandagi amaliyoti davomida «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh va uning vorisi Hoshim ad-Din va boshqalar o‘ldirilgan.

«Hizbulloh» Netanyahu qarorgohiga hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi

Livanning «Hizbulloh» harakati 19 oktyabrda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Kesariyadagi qarorgohiga uchuvchisiz uchoq hujumi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Bu haqda tashkilot vakili Muhammad Afif Bayrutdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Qarshilik harakati Kesariyadagi operatsiya va harbiy jinoyatchi Netanyahu uyiga qilingan hujum uchun to‘liq va mutlaq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi», dedi u Bayrutdagi matbuot anjumanida.

Avvalroq kanselyariya hukumat rahbari qarorgohiga dron bilan hujum qilingani faktini tasdiqlagan edi.

Isroilning Kan jamoat telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, dron bosh vazirning yotoqxonasi oynasiga kelib urilgan.

Mavzuga oid