Jahon | 20:11 / 26.10.2024
5101
2 daqiqa o‘qiladi

Microsoft rahbarining maoshi 79 mln dollarni tashkil etdi

Korporatsiya rahbari Satya Nadella Direktorlar kengashi qo‘mitasidan o‘ziga to‘lanadigan maoshni qisqartirishlarini so‘ragan.

Foto: Getty Images

Microsoft korporatsiyasi 2024 moliyaviy yil yakuni bo‘yicha bosh direktor Satya Nadellaga to‘lanadigan mukofot pulini 30 million dollardan ziyodga oshirdi. Avvalroq u o‘z maoshini kamaytirishlarini taklif qilgandi, deb xabar beradi CNBC.

Microsoft hisobotlariga ko‘ra, korporatsiya rahbariga to‘lanadigan maosh tartibi o‘zgargan: pul mukofoti ulushi kamaygan, kompensatsiya paketining qolgan qismini korporatsiya aksiyalari tashkil etgan.

To‘lanadigan maosh miqdorini belgilaydigan Direktorlar kengashi qo‘mitasi Nadellaning 2023 yil iyul oyida fosh etilgan axborot xavfsizligiga bog‘liq mojaro bo‘yicha chora ko‘rish borasidagi iltimosini inobatga olgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy va Rossiya hakerlari Microsoft pochta serverlariga kirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Microsoft bosh direktor va Direktorlar kengashi tomonidan axborot xavfsizligi bo‘yicha nazoratni kuchaytirishga va’da bergan. May oyida Nadella xodimlarini xavfsizlik masalalariga ustuvor ahamiyat qaratishga chaqirgandi.

Iyunda kompaniya xodimlarning xavfsizlikni ta’minlash borasidagi mehnatlarini inobatga olib, ularga to‘lanadigan maoshni oshirishga qaror qildi. Natijada o‘z maoshi kamaytirilishini so‘ragan Nadella 5,5 million dollar kamroq pul oldi. Avvaliga unga 10,66 million dollar to‘lanishi kerak edi. Shunga qaramay, umumiy mukofot puli 63 foizga oshib, 79,1 million dollarni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Microsoft bosh direktori Satya Nadella o‘ziga tegishli kompaniya aksiyalarining yarmini sotgandi. O‘shanda Nadella ikki kun ichida 1,7 million dona aksiyasidan 838 ming 584 donasini 285 million dollarga sotgan.

Mavzuga oid