O‘zbekistondagi tug‘ilishlar soni kamaydi. Nega?
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni kamayishini «mavsumiylikka» xos xususiyat deya baholadi. Uning tushuntirishicha, mazkur tendensiya ko‘proq tug‘ish yoshidagi insonlar sonining oldingi avlodga nisbatan kamayishi bilan bog‘liq.
Yil boshidan buyon qariyb 694 ming tug‘ilish qayd etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 foizga pasaygan (birinchi uch oyda bu farq 4,3 foiz edi).
Yaqin tariximizda 2016 hamda 2017 yillarda ham tug‘ilish mos ravishda 1,3 foizga va 1,4 foizga pasaygan edi. Bundan tashqari, 2011 (-1 foiz), 2010 (-3,3 foiz), 2005 (-1,3 foiz) hamda 2003 (-4,6 foiz) yillarda ham tug‘ilishning pasayishi qayd etilgan.
Mustaqillikdan yangi asrgacha bo‘lgan iqtisodiy qiyinchilik va tiklanish davrida esa tug‘ilishning pasayishi odatiy holga aylanib qolgandi. 1992-2000 yillarda faqatgina 1995 yilda tug‘ilish 3,2 foiz o‘sgan bo‘lsa, qolgan barcha yillarda tug‘ilishning chuqur pasayishi kuzatilgan.
Xo‘sh, joriy yilda kuzatilayotgan pasayish yaqin tariximizdagi kuzatilgani kabi bir yillik pasayishmi yoki uzoq davom etuvchi demografik muammolarning boshlanishimi?
Bu savolga aniq javob topish qiyin, lekin menimcha hozirgi pasayish chuqur muammolarni ifoda etmaydi. Hozirgi pasayishning asosiy sababi esa 1992-2001 yillardagi tug‘ilishning pasayishi hisoblanadi. O‘sha yillarda tug‘ilishlar soni qariyb 30 foizga pasaygan. Masalan, mustaqillikning ilk yillarida 700 mingdan ko‘proq bola tug‘ilgan bo‘lsa, yangi asrga kelib bu ko‘rsatkich 500 minggacha pasaygan.
Hozirga kelib mustaqillikning ilk davrida tug‘ilgan insonlar farzand ko‘rish davridan o‘tmoqda va ayni chuqur pasayish davrida tug‘ilganlar mamlakatdagi tug‘ilishlar sonida asosiy rol o‘ynay boshlagan. Bu esa tabiiy ravishda tug‘ilishning kamayishiga olib kelayotgan bo‘lishi mumkin.
Masalan, hozirgi tug‘ilish darajasi va 27 yil oldingi (erkaklar uchun o‘rtacha turmush ko‘rish yoshi) tug‘ilish darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlik (korrelatsiya) 0,46 foiz atrofida. Bu hozirgi tug‘ilishlar soni 27 yil oldingi tug‘ilishlar soniga sezilarli darajada bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Bu tendensiyani so‘nggi yillarda nikohlar sonining pasayish tendensiyasidan ham ko‘rish mumkin. Xususan, nikohlar soni 2024 yilning 9 oyida 2,8 foizga, 2023 yilda 4,3 foizga hamda 2022 yilda 2,8 foizga pasaygan. Bu holat birinchidan, nikoh yoshining biroz ko‘tarilayotgani bilan izohlansa, ikkinchidan, mustaqillikdan yangi asrgacha bo‘lgan davrda tug‘ilishlar sonining doimiy pasayish tendensiyasi ta’siri ko‘rina boshlagani bilan izohlanishi mumkin.
Shuningdek, aholi orasida nisbatan kamroq farzand ko‘rish haqidagi qarorlar ham hozirgi pasayishga ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin har bir onaga tug‘ish darajasi (fertility rate) so‘nggi yillarda o‘sish tendensiyasini namoyon qilmoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich 2017 yilda 2,4 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib 3,3 ga yetgan. Ya’ni odamlar ko‘proq farzand ko‘rishga qaror qilmoqda.
Umuman olganda, joriy yilda tug‘ilish bilan kuzatilayotgan tendensiya ko‘proq tug‘ish yoshidagi insonlar sonining oldingi avlodga nisbatan kamligi bilan izohlansa kerak. Boshqacha aytganda, joriy yildagi pasayish chuqur demografik muammolar yuzaga kelayotganini ko‘rsatmaydi, balki «mavsumiylikka» xos xususiyatga ega xolos.
Mirkomil Xolboyev, iqtisodchi
Mavzuga oid
15:51 / 31.10.2024
Xitoyda ayollarni farzand ko‘rishga undovchi qo‘ng‘iroqlar qilinmoqda
17:35 / 25.10.2024
O‘zbekistonda tug‘ilish kamaydi, o‘limlar soni esa oshdi
17:46 / 24.10.2024
Keyingi yillarda O‘zbekistonda tug‘ilish kamayadi yo ko‘payadi – prognozlar qanday?
17:59 / 23.10.2024