Jahon | 10:00 / 30.10.2024
5810
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo OAV: KXDRdan qochgan 200 kishi Ukrainaga yordam berishga tayyor

Janubiy Koreyada yashovchi Shimoliy Koreyaning 200 nafar sobiq askari sobiq safdoshlariga psixologik ta’sir ko‘rsatish maqsadida Ukrainaga bormoqchi, deb yozadi South China Morning Post.

Foto: Ed Jones/AFP/AFP/Getty Images

Janubiy Koreyada yashovchi shimoliy koreyalik qochqinlar, agar ular Ukrainadagi frontga o‘tkazilsa, Shimoliy Koreya harbiy xizmatchilariga ta’sir o‘tkazib, Ukraina armiyasiga yordam berishga tayyor. Hongkongning South China Morning Post gazetasi seshanba kuni xabar berishicha, 200 ga yaqin qochqinlar guruhi «sobiq safdoshlariga qarshi psixologik urush kampaniyasini boshlash uchun Ukrainaga bormoqchi».

KXDR sobiq harbiylari UQKga yordam berishga tayyor

Gap armiyada 7 yildan 9 yilgacha xizmat qilgan, tajribaga ega sobiq KXDR harbiylari haqida bormoqda. Ular o‘zlarining ichki bilimlaridan shimoliy koreyaliklarning psixologik zaifligidan foydalanish, ularni tartibsizlantirish va Ukrainadagi frontga jo‘natishsa, ruhiyatini buzish uchun ishlatmoqchi.

«Biz u yerga psixologik urush agenti sifatida — ovoz kuchaytirgichlar, varaqalar tarqatuvchi va hatto tarjimon sifatida ishlash uchun borishga tayyormiz», dedi 69 yoshli An Chang Il This Week nashriga. «Biz Shimoliy Koreyaning harbiy madaniyati va psixologik holatini hammadan ko‘ra yaxshiroq tushunadigan urush faxriylarimiz», — dedi u.

Ukraina Qurolli kuchlariga yordam berishga tayyor yana bir faol Li Min Bok Ukrainaning Seuldagi elchixonasiga ochiq xat e’lon qildi va unda Volodimir Zelenskiyga murojaat bilan chiqdi. U Zelenskiyni «Shimoliy Koreya askarlarini qutqarishga yordam berishga imkon yaratishga chaqirdi», deyiladi ma’lumotda.

Pentagon: KXDRning oz sonli askarlari - RFning Kursk oblastida

KXDRning bir necha ming askari Rossiya Federatsiyasining Kursk oblasti tomon yo‘l oldi, ularning oz soni allaqachon o‘sha yerda. Bu haqda AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Patrik Rayder ma’lum qildi. Uning 29 oktyabr kuni aytgan so‘zlarini Reuters agentligi keltirgan. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya ulardan Ukraina Qurolli kuchlariga qarshi quruqlikdagi qo‘shinlar tarkibida foydalanishi mumkin.

«Biz Rossiya bu askarlardan jangovar harakatlarda yoki Kurskdagi Ukraina kuchlariga qarshi jangovar operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida foydalanish niyatida ekanligidan xavotirdamiz», — dedi Rayder. Uning qo‘shimcha qilishicha, Shimoliy Koreya qo‘shinlari go‘yoki Ukrainada ekani haqidagi xabarlarni tasdiqlay olmaydi.

«Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishda va ukrainalik hamkorlarimiz, shuningdek, boshqa ittifoqchi va hamkorlarimiz bilan maslahatlashishda davom etamiz», dedi Rayder.

Mavzuga oid