Xitoy Yevropa Ittifoqi bilan elektromobillar bo‘yicha «savdo urushiga» kirishdi
Yevropa Ittifoqi Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarga bojxona tariflarini joriy qilgach, Xitoy bunga qarshi harakatni boshladi.
Xitoy 4 noyabr kuni Jahon Savdo Tashkilotida (JST) o‘zida ishlab chiqarilgan elektr transport vositalariga Yevropa Ittifoqi (YeI) tomonidan bojxona to‘lovlari oshirilgani tufayli bahs boshlaganini e’lon qildi. Bu haqda Politico xabar berdi.
Pekin o‘tgan hafta Yevropa Ittifoqi Xitoyning elektromobil brendlariga 8 foizdan 35 foizgacha boj joriy etganidan keyin shunday yo‘l tutishi bilan tahdid qilgan edi.
Yevropa Ittifoqi tariflarni bir yil davom etgan tekshiruvdan so‘ng joriy etdi, chunki xitoylik ishlab chiqaruvchilar «adolatsiz subsidiyalardan foyda ko‘rmoqda».
Xitoy Savdo vazirligi «elektr avtomobil sanoatini rivojlantirish manfaatlarini himoya qilish va yashil transformatsiya bo‘yicha global hamkorlikni ta’minlash uchun Xitoy Yevropa Ittifoqiga qarshi sudga da’vo kiritdi», dedi.
JST rasmiysi shikoyat berilganini tasdiqladi.
«Endi biz Xitoydan Yevropa Ittifoqi bilan elektr transport vositalari uchun yakuniy kompensatsiya bojlari bo‘yicha maslahatlashuv so‘rovi olinganini tasdiqlashimiz mumkin», dedi u.
Nashrning yozishicha, bu «Pekin va Bryussel o‘rtasidagi savdo ziddiyatlarini kuchaytiruvchi so‘nggi turtki». YeI yaqin orada Xitoyga muzokaralar guruhini yuborishi va tariflar bo‘yicha murosa izlashi kutilmoqda.
Oktyabr oyi oxirida Yevrokomissiya Xitoydan elektromobillar importiga besh yil muddatga kompensatsiya bojlarini joriy qildi.
«Tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, Xitoyda elektr transport vositalarining qiymat zanjiri adolatsiz subsidiyalardan foyda ko‘radi, bu Yevropa Ittifoqi elektromobil ishlab chiqaruvchilariga iqtisodiy zarar yetkazish xavfini tug‘diradi», deb xabar berdi Yevrokomissiya matbuot xizmati.
Mavzuga oid
07:50
Xitoy O‘zbekistonda shamol turbinalari uchun qanot ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda
18:33 / 04.11.2024
Abdulla Aripov Shanxayda Xitoy bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
17:30 / 04.11.2024
YeIda NATOga qo‘shimcha ravishda xavfsizlik va mudofaa ittifoqini tuzish taklif etildi
18:27 / 02.11.2024