O‘zbekiston | 14:37
1427
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Turkiy investitsiya forumini tashkil etishni taklif qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, bugungi og‘ir global iqtisodiy sharoitda eng dolzarb muammo bu – investitsiya jarayonlarining uzluksizligini ta’minlashdir.

Jahon moliya bozorida kapitalga bo‘lgan talab va uning narxi tobora oshib bormoqda. Rivojlanayotgan davlatlar uchun uzoq muddatli va “yashil” kreditlar ajratish shartlari qiyinlashmoqda.

"Biz Tashkilotimiz doirasida moliyaviy instrumentlarni joriy etishga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak. Turkiy investitsiya jamg‘armasi ishini faollashtirish, bizning tashabbusimiz bo‘lgan Turkiy rivojlanish bankini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqishimiz zarur, deb hisoblaymiz.

Mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarga xalqaro moliya institutlari va chet el investitsiya kompaniyalarini keng jalb etish ham dolzarb vazifadir. Bu borada Turkiy investitsiya forumini tashkil etishni taklif qilamiz va uning ilk tadbirini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz", dedi prezident.

Yana bir ustuvor masala bu – transport koridorlaridan samarali foydalanishdir.

O‘rta koridor bo‘ylab tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralardan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qo‘shma operatorlarni yaratish umumiy manfaatlarga to‘la javob beradi.

"Tashkilotimiz doirasidagi tashuvlarda elektron hujjatlar aylanmasiga o‘tish va ularni o‘zaro tan olish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolashga chaqiramiz.

Bunday dolzarb masalalarni biznes vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilish maqsadida Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansi bilan hamkorlikda Xalqaro logistika konferensiyasini o‘tkazishni taklif etamiz", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid